Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash, ularda keltirilgan masalalarni atroflicha o‘rgangan holda hal etish bo‘yicha barcha bo‘g‘in rahbarlari birdek mas’ul ekanligi alohida ta’kidlanib, bu borada yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlarni yanada jonlantirish yuzasidan Prezident shaxsan topshiriqlar berib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan joylarda rahbarlar har bir hududda aholi murojaatlarini o‘rganib, ularga yechim topish bo‘yicha fuqarolar bilan kunlik uchrashuvlarni o‘tkazishmoqda. Xususan, joriy yilning 25-iyul kuni Shirin shahar 1-sektor rahbari S. Sultonov boshchiligida aholi bilan ochiq muloqot tashkil qilindi.
Tashkilot rahbarlari, mahalla raislari, mahalla faollari va boshqa fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda fuqarolar tomonidan bildirilgan ko‘plab murojaatlarda keltirilgan masalalar ijobiy hal etildi. Uchrashuvda asosan, uy-joy, moddiy yordam ajratish, kredit olish, subsidiya va boshqa masalalardan iborat jami 14 nafar murojaatlar qabul qilindi.
Tegishli tashkilot rahbarlari va mas’ullar ishtirokida o‘rganishlar va taxlillar asosida uy-joy ijara to‘lovi, ishga joylashish, moddiy yordam ajratilishi va huquqiy ko‘mak berish bo‘yicha jami murojaatlarning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi, uy-joy masalasidagi 2 ta murojaatchiga tushuntirish berildi va qolgan 7 ta murojaatdagi masalalarni ijobiy hal etish muddat talab qilganligi bois to‘liq nazoratga olindi.
Uchrashuv so‘ngida birinchi sektor rahbari shaharda faoliyat yuritayotgan har bir rahbar har kuni aholi murojaatlari bilan ishlash, murojaatlardagi masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganib, ijobiy hal etish choralarini ko‘rishi, aholi muammolarini mahallabay, uyma-uy yurib o‘rganishi lozimligini ta’kidlab, bu bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Endilikda Shirin shahrining har bir sektor rahbari, tashkilot rahbarlari har kuni fuqarolar bilan uchrashuvlarni tashkil qilib, murojaatlardagi masalalarni ijobiy hal etish choralarini ko‘rib boradi.
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati