Saytimizga hush kelibsiz !
Odam savdosini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish. – Shirin shahar hokimligi
Saytimizga hush kelibsiz !

Odam savdosini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish.

Dunyo xalqlarining jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash barchaning e’tiborida qolmoqda.

Jinoyatchilikning bu mudhish turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega bo‘lgan hujjatlari qabul qilingan.

Xususan, «Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiya
(1949-yil), «Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida»gi qo‘shimcha Konvensiya (1956-yil), «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida»gi Konvensiyani to‘ldiruvchi «Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida»gi bayonnoma (2000-yil) shu toifadagi xalqaro huquqiy hujjatlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005-yili MDH doirasida «Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida»gi kelishuv, 2006-yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida «Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi» qabul qilingan edi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga oid milliy qonunchiligimizda ham o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, 2019-2020-yillarda mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatni tartibga solish maqsadida 20 dan ortiq  normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, XMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining 6 ta Konvensiya hamda protokollari ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida«gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

BMTning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar kamida 127 mamlakatdan sotuvga chiqmoqda va ular 137 davlatda ekspluatatsiya qilinmoqda. Har yili turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 20-40 million kishi quldorlikning zamonaviy shakli qurboniga aylanyapti.

Mazkur muammoning aniq ko‘lamini bilish juda ham qiyin, zero, jinoiy faoliyat yashirin sodir etiladi. Aniq statistika mavjud emas, buni yuritib ham bo‘lmaydi. Xalqaro darajada odam savdosi qurbonlarining atigi 0,04 foizigina aniqlangan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning zamirida, fuqarolarning huquqlari, ularning qonuniy manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning erkinliklari va mulk daxlsizligini ta’minlash asosiy maqsad hisoblanishi, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ huquqiy hujjatlarda inson manfaatlari va uning qadri birinchi o‘ringa qo‘yilganligi, bu borada olib boralyotgan islohotlarning yaqqol namunasi hisoblanishi, biroq ayrim toifa shaxslar tomonidan fuqarolarga berilayotgan imtiyozlar va erkinliklarni suiisteʼmol qilish holatlari uchrab turganligi, jumladan oxirgi vaqtlarda mayda bezorilik va haqorat qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payganligi, buning sabablari tahlil qilinganda ayrim fuqarolar tomonidan jamiyatda o‘rnatilgan umume’tirof etilgan odob-axloq qoidalarini hamda qonunlarni mensimaslik ruhida ekanligi, oilaviy janjal va nizolarning asosiy sababi va ular ortidan kelib chiqayotgan huquqbuzarliklarga spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish sabab bo‘layotganligi, bundan tashqari aholining ishonuvchanligi oqibatida firibgarlar domiga ilinib, jabr chekib qolayotganligi ayni haqiqat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli amaliyot, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar «zamonaviy qullik», ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, qizlar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi judayam achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda odam savdosini uchta keng tarqalgan turi mavjud bo‘lib, bular: jinsiy ekspluatatsiya (fohishabozlik), majburiy mehnat va odam a’zolarini sotishdir.

So‘nggi yillarda BMT mutaxassislari bolalarning organlari noqonuniy savdosi avjiga chiqayotganidan xavotirga tushib qoldi. Bolalarning tana a’zolaridan genetik tadqiqotlarda, ayrim qabilalarning diniy marosimlarida foydalanilmoqda. Biroq, bolalarning tana a’zolari «ehtiyot qism» sifatida, asosan transplantatsiya maqsadlarida ishlatilmoqda. Bemorning tanasiga boshqa a’zoni ko‘chirib o‘tkazish uzoq davom etadigan jarayondir. Ko‘p hollarda rasmiy jarrohlik amaliyotlari samara bermasligi mumkin. Chunki, bemorga tirik a’zo o‘tkazilishi kerak. Yurak urushi to‘xtaganidan keyin tana a’zolari ham o‘zgaradi. Shu sababli ham boyvachchalar katta pul evaziga o‘zlariga kerak bo‘lgan a’zoni 24 soat ichida olish imkoniyatini qidirishadi. Buning uchun uyushgan jinoiy guruh a’zolari odamlarni o‘g‘irlash va kerak bo‘lib qolganda ularning tana a’zolarini olishni yo‘lga qo‘ydi. Inson a’zolariga jahon bozorida talab ortmoqda. Donor buyragining o‘rtacha narxi 5 ming dollarga teng. Ammo 650 dollarga xarid qilish mumkin.

2013-yilning iyul oyida AQSHning bir qator shaharlarida bolalar fohishaligiga qarshi Federal Tergov byurosi maxsus amaliyot o‘tkazgan edi. Uch kun mobaynida 13-17 yoshda bo‘lgan 105 nafar o‘smir ozod qilinib, 150 nafar qo‘shmachi hibsga olindi. Shuning o‘ziyoq AQSHda bachchabozlik keng tus olayotganini ko‘rsatib turibdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Osiyoda 1 millionga yaqin bola, Hindistonda esa 1,5-2 millionga yaqin bola, AQSHda 100 ming va Lotin Amerikasida 500 ming bola fohishalikka majburlanayotgan ekan. Bunday majburlash bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Bu kabi «ishlar»dan keyin bolalarning barkamol bo‘lib yetishishiga kim kafolat bera oladi? Hech kim. Bolalarning bu kabi – aqlbovar qilmaydigan ishlarga jalb qilinishini nima bilan oqlab bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining raisi
Ergashev Alisher Zaynullayevich

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan