Bugungi kunda kundalik hayotimizdagi yumushlarni bajarishda avtomashinaning o‘rni beqiyosligini e’tirof etish lozim.
Darhaqiqat, avtomashinalarning XXI asrga kelib takomillashgan shakli insoniyatga xavfsizlik va keng imkoniyatlar bilan bir qator qulayliklarni olib kelgan bo‘lsa-da, biroq undan foydalanuvchiga belgilangan qoidalariga rioya qilish mas’uliyatini ham yuklaydi.
Avtotransport vositalaridan yo‘llarda foydalanishning qoidalarini har qanday buzilishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi hyech birimizga sir emas.
Xususan, 2024-yil davomida O‘zbekistonda 9.364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan bo‘lib, ularda 8.901 kishi jarohatlangan bo‘lsa 2.203 kishi halok bo‘lgan.
Yo‘l harakati qatnashchilarining mast holatda bo‘lishi yo‘l transport hodisasini keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi va bu qonun bilan qat’iy taqiqlanib, bugungi kunda jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi 1033-sonli Qonuni bilan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yuqoridagi qonun bilan jinoyat qonunchiligi “Transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash” uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydigan JK 2611-moddasi bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi, shunday qilmish yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish,
Transport vositalari haydovchilarining mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi, shunday qilmish yoxud transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi quyidagi tahrirda o‘zgartirildi.
Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi, —
transport vositalarini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shaxsni mast holda transport vositasini boshqarganligi uchun javobgarlikni bu kabi qat’iylashishiga Respublika miqyosida 2021-yilda 40.542 ta, 2022-yilda 47.365 ta, 2023-yilda 41.866 ta va 2024-yilda 31.436 ta holatda transport vositasini mast holda boshqargan shaxslar aniqlanganligi sabab bo‘ldi.
Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudi tomonidan
2021-yil davomida 36 nafar, 2022-yil davomida 74 nafar, 2023-yil davomida 43 nafar, 2024-yil davomida 11 nafar va 2025-yil 1-choragida 8 nafar shaxs transport vositasini mast holda boshqarganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki transport vositasini mast holda boshqarib, oilangizni moddiy ahvolini og‘irlashishiga yoki jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lib qolmang.
JIB Shirin shahar sudi tergov sudyasi
R.Korabayev