O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan joriy yilning 1-yanvaridan respublikaning barcha jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyalari faoliyat yuritishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 28-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1022-sonli qonuni bilan tergov sudyalariga quyidagicha vakolatlariga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ularning muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini
48 soatgacha uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish kiradi.
Ta’kidlash joizki tergov sudyalari instituti – shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi bosqichi va odil sudlovni amalga oshirishda yangi qadam sifatida qaraladi.
Shu o‘rinda tergov sudyasi institutining shakllanish tarixiga e’tibor qaratish orqali uning vakolat doirasidan kelib chiqqan holda qanday shakllari mavjudligini aniqlash mumkin.
Tergov sudyasi institutining tarixiga nazar tashlasak, bu institut Gʻarbiy Yevropa davlatlarida paydo bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topgan va bugungi kunda Belgiya, Gresiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Tergov sudyasi institutining shakllanish tarixi o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ya’ni jinoyat ishi doirasida shaxsning moddiy va protsessual huquqlarini ta’minlashda taraflarning sud orqali tortishuv prinsipning mavjudligi va dalillar maqbulligi sud tomonidan hal etilishida ko‘rinadi.
Bugungi kuni dunyo davlatlarida shakllangan tergov sudyasi institutini uning vakolatlaridan kelib chiqib, shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin.
Birinchi guruhga, tergov sudyasining shartli ravishda tergov ustida to‘liq nazorat olib borishi, bunda shaxs tergov organi mansabdor shaxsning har qanday qarori ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mavjudligi va o‘tkazilgan tergov harakatlarida tergov sudyasining ishtirokidir.
Misol uchun, Germaniya Federativ Respublikasi jinoyat prosessida sud tergovchisi (tuman sudya-tergovchisiga) ham ishtirok etadi. Uning ishtiroki dalillarni qonun talablari asosida to‘planishini ta’minlash, jinoyat ishi bo‘yicha eng muhim qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq.
Ikkinchi guruhga, tergov sudyasi tergov harakatlarida ishtirok etmasdan, faqat shaxsning shaxsiy huquq va erkinliklarini cheklovchi, ya’ni “Qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashdan, “Lavozimidan chetlashtirish” kabi majburlov choralarigacha, shuningdek, shaxsning “Telefon va boshqa so‘zlashuvlarni eshitib turish”, “Tintuv” va shu kabi boshqa protsessual harakatlari sudning roziligi bilan uning ajrimiga asosan amalga oshirilishida ko‘rinadi.
Tergov sudyasi instituti joriy etgan davlatlarni bir guruhda muqim qolishi albatta savol ostida qoladi, chunki bu, shu davlatning sud-huquq islohotlarning natijasi va davomliligiga bevosita bog‘liqdir.
Mamlakatimizda tergov sudyasi institutining shakllanishi va unga berilgan vakolatlar doirasidan kelib qaralsa, bu ikkinchi guruhga kirishimizni anglatadi.
Shu o‘rinda ayrim xorijiy davlatlarning jinoyat protsessual qonunlarida tergov sudyalariga beriladigan vakolatlarni o‘rganib chiqib, ushbu vakolatlarni yildan yilga kengaytirib borayotganligi ushbu institutning ijobiy natija berayotganligidan dalolat berishini inobatga olishimiz lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib qaralsa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, shaxsning huquq va erkinliklarini har qanday noqonuniy, asossiz va samarasiz cheklanishini oldini olishga qaratilgan deb, baralla aytish mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining tergov sudyasi
R.Korabayev