Shirin shahar IIO Probatsiya guruhida hisobda turgan shaxslardan, jazoni belgilangan tartibda yaxshi o‘taganligi, jazo o‘tayotgan boshqa mahkumlarga o‘rnak bo‘lganligi va tuzalish yo‘liga to‘liq o‘tganligi sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining raisi X.Sarmanov tomonidan joriy yilning 14-iyul kuni o‘tkazilgan sayyor sudda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan, bir nechta shaxslar jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
X.M.A. 1978 yilda Shirin shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam sudlanmagan, Shirin shahar, Amir Temur mahallasida yashaydi. Mazkur ish bo‘yicha mahkum 2020-yil 9-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi (davlat mulkini o‘zlashtirish jinoyati) bilan 2 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Q.D.M. 1975-yilda Shirin shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, bo‘ydoq, muqaddam sudlangan, Shirin shahar, Farhod mahallasida yashaydi. Mazkur ish bo‘yicha mahkum 2021-yil 9-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 226-moddasi 1-qismi (ma’muriy nazorat qoidasini buzish jinoyati) bilan 1 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.
Yuqorida keltirilgan shaxslar sudning tegishli qaroriga asosan, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.
Undan tashqari 5 ta ma’muriy materiallar bo‘yicha 10 nafar shaxsga nisbatan ishlar ko‘rib chiqilib, ularning xatti-harakatlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shirin shahar IIB Probatsiya guruhi