Bu yil Shirin shahri tashkil topganligiga 49 yil to‘ldi. G‘urur bilan aytish mumkinki, salkam yarim asrlik tarix davomida Shirin shahri mamlakatimizda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi. Shirin shahrini ko‘pchilik nurchilar shahri sifatida e’tirof etadi. Bu bejiz emas, albatta, chunki uning yaralish tarixi ikki yirik inshoot «Farhod GES»i va «Sirdaryo IES»ning tashkil topishi bilan bog‘liq.
Keling, qisqacha mazkur mo‘jaz shaharning tashkil topish tarixi bilan tanishamiz.
Shirin shahrining tashkil topishi Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdek olamshumul voqea bilan chambarchas bog‘liq. Garchand, shahar 1972-yilda tashkil topgan bo‘lsada, uning yaralish tarixi uzoqroqqa, 1943-yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha yili O‘zbekiston energetikasi tarixidagi muhim voqea ro‘y berdi, mamlakatimiz energetikasining qaldirg‘och nurxonalaridan bo‘lgan «Farhod GES»ning qurilishi boshlanadi.
Korxona qurilishi bilan bir vaqtda uning bunyodkorlari uchun aholi punkti ham paydo bo‘ldi. Azim nurxonaga bejiz Farhod, aholi maskani esa Shirin deb nomlanmadi. Sababi, shaharning sharqi-g‘arbidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Farhod qoyasi qad ko‘tarib turibdi, uning pastida esa Shirinqiz soyi oqib o‘tgan. Ulkan bunyodkorlk ishlari mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidan ilhomlanib amalga oshirilgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ya’ni, afsonani abadiylashtirish maqsadida mazkur jug‘rofiy hududga afsona qahramonlari nomi berildi.
1948-yil «Farhod GES»ning 1-2-agregatlari ishga tushirildi. Ushbu inshootning qurilish ishlariga A.A. Sarkisov, A.H. Hamidovlar boshchilik qildi.
1966-yilda yana bir ulkan bunyodkorlik ishiga qo‘l urildi. Yirik elektr ishlab chiqarish stansiyasi, «Sirdaryo IES»iga birinchi poydevor yotqizildi.
Shu bilan bir vaqtda, Shirin shahrining poydevoriga ham tamal toshi qo‘yildi. Bunday sharafli ishga mohir quruvchilar Semyon Funk, Mixail Voronin, To‘xtasin Jo‘raboevlar boshchilik qildi. Yurtimiz xaritasida yangi shahar paydo bo‘ldi.
Shirin shahri mustaqillik yillarida beqiyos chiroy ochdi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida, ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Jumladan, ushbu tamoyil asosida shahardagi Shirin energetika kolleji, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, tibbiyot birlashmasi, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yangi zamonaviy tus berilishi, “Yoshlar xiyoboni”, “Energetiklar” muzeyi, aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport inshootlarining tashkil etilishi shahar hayotiga yangicha fayz olib kirdi.
Ha, endilikda Shirin shahri tom ma’noda o‘z nomiga xos va mos shaharga aylanib bormoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, Navoiy dostoni qahramonlari o‘zlarining ikkinchi umrini yashamoqdalar.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shirin shahar bo’linmasi