Saytimizga hush kelibsiz !

Shirin shahrida geografik obyektlar to‘liq ro‘yxatga olindi

Insonning yashash manzili, turar joyi aniq bo‘lsa, bu barcha uchun qulaylik yaratadi. Izlagan kishi manzilni qiynalmay topib boradi. Biroq mahallalarda ko‘chalarning nomi takrorlangan yoxud nomlanmagan bo‘lsa bu holat aholi uchun ancha noqulaylik keltirib chiqaradi. Qolaversa, bir hudud doirasida ko‘chalar, mahallalar nomlarining takrorlanishi yoki nomlanmaganligi qonunchilik talablariga nomuvofiq hisoblanadi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunda geografik ob’ektlarni nomlash borasida aniq qoidalaar belgilab qo‘yilgan.
Geografik obyektlar, ya’ni mahalla, ko‘chalar, ovullar, aholi punktlariga nom berish, qayta nomlash bo‘yicha o‘tgan 2020 yilda respublikamizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Shirin shahrida ham. Shuni alohida aytish kerakki, Shirin shahrida bu borada yillar davomida yig‘ilib qolgan talay muammolar, kamchiliklar mavjud edi. Asosiy ko‘chalar nomlanganligi barobarida unga yondosh bo‘lgan ko‘chalar ham shu nom bilan atalib kelingan va tabiiyki bitta ko‘cha nomi bir necha ko‘chada takrorlangan. Mazkur muammolarni bartaraf etish, qonunchilik talablari doirasida geografik obyektlarni nomlash maqsadida shaharda tegishli ishlar amalga oshirildi. Natijada shaharning Farhod, Nurobod va Amir Temur mahallalarida nomi takrorlangan va nomlanmagan jami 45 ta ko‘cha mavjudligi aniqlanib, mahallalarning taklifi bilan ko‘chalarga yangi nomlar tavsiya etildi. O‘z navbatida tavsiya qilingan nomlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining ekspert xulosasi olindi. Mazkur xulosaga asosan, ko‘chalarga tavsiya etilgan nomlar Xalq deputatlari Shirin shahar Kengashi sessiyasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqib tasdiqlandi va 95 ta ko‘cha ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, shaharda yangi tashkil etilgan 1 ta maydon, 1 ta istirohat bog‘i hamda 2 ta xiyobon ham nomlandi. Xalq deputatlari Shirin shahar Kengashi sessiyasi qaroriga asosan shahar hududidagi barcha georafik obyektlar to‘lig‘icha davlat reestriga kiritildi.
Albatta, aholi sonining o‘sishi, turar-joylarning qurilishi bilan yangi ko‘chalar ham paydo bo‘ladi. Georafik obyektlarni nomlash bo‘yicha ishlar doimiy bo‘lib, yangi tashkil bo‘lgan ko‘chalar, mahallalar tegishlicha nomlab boriladi.

Ulug‘bek Xalilov
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga
rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha
shahar hokimi maslahatchisi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan