Asalari bejizga yetti xazinaning biri, deb hisoblanmaydi. Haqiqatan ham bu hasharotning foydasi juda katta. Tabiatan asalari mehnatkash hasharotlar hisoblanadi, 24 soat davomida uxlamaydigan bu hasharotlar o‘z egasidan ham mehnatsevarlikni talab qiladi.
Shirin shahar Nurobod mahallasida yashovchi Elmurodovlar xonadoni asalarichilik bilan shug‘ullanib, bugungi kunda mo‘may daromadga erishgan oilalardan biri hisoblanadi. Ular asalarichilik faoliyatini tashkillashtirishda davlatimizning qo‘llab-quvvatlovi va ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanganlar. Bu imtiyozli kreditlar oilaga asalarichilik faoliyatini rivojlantirish uchun zaruriy sharoitlar yaratib, oila daromadini sezilarli darajada oshirdi.
“Bu ishni boshlaganimizda 3-4 ta yashik asalari bilan boshlagan edik, bankdan kredit olib yashiklar sonini 60 taga yetkazdik, har bir yashikdan 25-30 kgdan asal olish mumkin. Prezidentimizga rahmat shunchalik imtiyozlar yaratib berganlari uchun. Yurtimiz tinch osmonimiz musaffo bo‘lsin” – deydi xonadon vakili Dilfuza Elmurodova.
Asalarichilik nafaqat mo‘may daromad keltiruvchi, balki ekologik barqarorlikni taʼminlashda asosiy faoliyat turlaridandir. Asalarilar o‘simliklarni changlatish jarayonida muhim rol o‘ynaydilar, bir kilogramm asal yig‘ish uchun asalari 10 millionta gulni changlashi talab etilar ekan bu esa tabiatni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.