Saytimizga hush kelibsiz !

Fuqarolarda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga taʼsir etish imkoniyati vujudga keladi

Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi maʼlumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa,  bolalar soni to‘g‘risidagi maʼlumotlar maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi. Yosh haqidagi maʼlumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari yoki oliy taʼlimga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan taʼminlashni rejalashtirish uchun zarur.

Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar instruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar ro‘yxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Tuman va shahar miqyosida aholini ro‘yxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan so‘ng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Ro‘yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirishga yo‘l ochadi. Biznes vakillari ro‘yxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʼmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi to‘g‘risida to‘planadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yana-da taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan