Shirin shahar hokimligining majlislar zalida shahar hokimining birinchi o‘rinbosari I.Maxmudov hamda “Agrobank” ATB respublika boshqaruvi hamda “Markaziy bank” Sirdaryo viloyati Bosh boshqarmasi vakillari boshchiligida o‘quv seminar tashkil etildi.
O‘quv seminarda shahrimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlar va mahalladagi hokim yordamchilari ishtirok etishdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-sentabrdagi PQ-312-son qarorining mazmun-mohiyati, «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi doirasidagi mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi, bunda bir loyiha doirasida 300 million so‘mgacha mikrokreditlarni, shundan 100 million so‘m garovsiz qismini «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan, 200 million so‘mgacha qismini banklar va mikro moliya tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilishi, garovsiz ajratilgan 100 million so‘m doirasida mikrokreditlar bo‘yicha kredit tavakkalchiligini davlat va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash yoki ular bo‘yicha Kompaniyaning portfel kafilligini taqdim etishi va boshqa bir qator imtiyozlar borasida batafsil tushunchalar berib o‘tildi.
Uchrashuv so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berib o‘tildi.