Dunyo bo‘ylab ming yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda bobilliklar tomonidan o‘tkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda o‘tkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gresiya va Yunoniston davlatlarida esa aholini ro‘yxatga olish tadbirlari soliq to‘lovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida o‘tkazilgan. Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xo‘jaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud bo‘lgan.
Aholini muntazam ro‘yxatga olish tarixi 1790 yilga borib taqaladi. O‘shanda AQShda, 1801-yilda esa bir vaqtning o‘zida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar o‘tkazilgan. Biroq ular hali mukammal bo‘lmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bog‘liq bo‘lmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.
1846-yilda yirik statistik olim Adol’f Ketl (1796-1874) boshchiligida Bel’giyada o‘tkazilgan ro‘yxatga olish birinchi chinakam ilmiy ro‘yxatga olish deya e’tirof etiladi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, ro‘yxatga olish muddati bir kunlik bo‘lib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur ro‘yxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning ko‘plab davlatlari foydalangan. 1870-1879 yillarda dunyo bo‘yicha atigi 48 ta davlatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan bo‘lsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar o‘z aholisini ro‘yxatga olishga kirishdi.
Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba o‘z aholisini ro‘yxatga olishga da’vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Xo‘sh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Avvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Avvalgi ro‘yxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, so‘rovnomalar mazmuniga tuzatishlar, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
2015-yilda BMTning “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilinib, 2020 yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ham o‘z aholisini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari bo‘yicha 228 chi bo‘lib BMT tomonidan ro‘yxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi ko‘plab holatlar singari aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Aksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati o‘zgartirildi.
Yurtimizda ham 2022-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023-yilning 1-25 noyabr kunlariga ko‘chirildi.
Shirin shahar statistika bo‘limi