Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uni takomillashtirish maqsadida barcha sayi-harakatlar, islohotlar olib borilmoqda. Xususan, bu borada ta’lim oluvchilar uchun zamonaviy sharoitlar, imkoniyatlar yaratib berilayotganligi bu sohaning rivojlanib borayotganligini belgilab berishi shubhasiz.
Joriy yilning 21-iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Sirdaryo viloyati Shirin shahriga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko’zlangan maqsad, professional ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish bo’ldi. Vazir Shirin Energetika kollejiga tashrif buyurib, u yerda joriy qilingan o’qitish tizimi, yaratilgan sharoitlar, kollejdagi o’qituvchilar salohiyati, moddiy texnik baza holati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Abduqodir Toshqulov Shirin Energetika kollejidagi chuqurlashtirilgan o’qitish tizimi, ushbu muassasani o’z mutaxassisligi bo’yicha bitirib chiqayotgan o’quvchilarni kasbga va Oliy ta’limga to’g’ri yo’naltirish borasida o’zining tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot uchun, Shirin Energetika kolleji 2020-yilda Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan to’liq rekonstruksiya qilindi. Ma’lumki mazkur xorijiy kompaniya Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hamda Boyovut tumanlariga tutash bo’lgan hududda “bug’-gaz” issiqlik elektr stansiyasini qurmoqda. Kelajakda energetika sohasi bo’yicha yetuk mutaxassislar tayyorlash va kelgusida ishga tushadigan mazkur yirik ishlab chiqarish korxonasini malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida kompaniya tashabbusi bilan ushbu kollejda Xalqaro tasniflagichning 3 va 4-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida o‘rta professional ta’lim bosqichida Issiqlik energetikasi kompleksi sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan ta’lim tizimi joriy qilinib ayni vaqtda o’quvchilar tahsil olmoqda. Shirin Energetika kolleji 660 o’ringa mo’ljallangan bo’lib, ayni vaqtda kollejda 13 ta kasb mutaxassisliklari bo’yicha 341 nafar o’quvchi tahsil olmoqda. Kollejda asosan, 5 ta umumta’lim fanlari (ingliz tili, informatika, matematika, fizika va kimyo) chuqurlashtirib o’tiladi.