Joriy yilning 14-iyun kuni “Sirdaryo sadosi” telegram kanalida “Besh oyda 8 marta ta’mirlangan bitta mahalladagi ichimlik suv tarmog‘ida yana ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli – aksariyat “dom”da yashovchi shaharlik aholi bugun ham ichimlik suvisiz qolmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Maqolada keltirilishicha, Sirdaryo viloyati Shirin shahar Mirzo Ulug’bek mahallasidagi ko’p qavatli uylarda joriy yilning fevral oyidan iyun oyigacha qariyb 9 marta ichimlik suvi ta’minoti vaqtinchalik to’xtatilgan va bu normal holat emasligi yuzasidan mutasaddi rahbarlarga oshkora savol yo’llangan.
Haqiqatan ham, joriy yilning fevral oyidan iyun oyiga qadar Shirin shahrining Mirzo Ulug’bek mahallasidagi ko’p qavatli uylarda ichimlik suvi ta’minoti tarmoqda ta’mirlash ishlari olib borilganligi sababli vaqti-vaqti bilan to’xtatilgan. Ushbu mahalladan o’tuvchi diametri 400 mm ichimlik suvi tarmog’i liniyasi eskirganligi bois tez-tez nosozliklar, shuningdek, ko’p qavatli uylarning yuqori qavatlariga suv chiqmasligi yoki bosim pastligi sabab ham aholiga doimiy normal holatda ichimlik suvini yetkazib berish maqsadida eski liniyalar yangisiga almashtirilgan, shuningdek, ayrim holatlarda favqulodda avariya yuzaga kelgan vaqtlar ta’mirlash-tiklash brigadasi tomonidan tun-u kun tiklash ishlari olib borilganligi sababli ichimlik suvi ta’minoti vaqti-vaqti bilan to’xtatilgan.
Ta’kidlash joizki, Shirin shahrining biror hududida ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to’xtatiladigan bo’lsa, aholi barcha ehtiyot choralarini ko’rishlari uchun bu haqda shahar hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida oldindan xabar beriladi, shuningdek, tegishli mahalla raislari, ko’chaboshilar, ko’p qavatli uylar nazoratchilariga ushbu holat bo’yicha oldindan ma’lum qilinadi.
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati