Saytimizga hush kelibsiz !

Shirin shahrida ayrim jinoyatlar soni oshgan (jinoyat muhokamasi)

Bugungi kunda huquq tartibot idoralari hamda tegishli mas’ul tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan muhim profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan baribir jamiyatda huquqbuzarliklar, jinoyat sodir etilishi kabi holatlar afsuski, kuzatilmoqda. Ayniqsa o’g’rilik hamda firibgarlik kabi jinoyatlar soni ortayotgani barcha insonlarni ogohlikka chaqiradi.

2022-yilning 29-martidan 30-martiga o’tar kechasi fuqaro G‘.F voyaga yetmagan A.O. ni M.Z.ga tegishli Shirin shahrida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘koniga o‘g‘rilikka kirishga jalb qilganligi va do‘kon ichidan oziq-ovqat mahsulotlari hamda 500 000 so‘m pullarni o‘g‘irlab olib ketishganligi aniqlangan. 11.05.2022 yil Shirin shahar IIB huzuridagi TG katta tergovchisi T.Shayzaqov tomonidan G‘.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 127-moddasi 3-qismi bandi qo‘shimcha ayb e’lon qilingan.

2022-yilning 15-may kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Shirin shahar bo‘limi taqdim etgan ma’lumotga asosan, departamentning Shirin shahar bo‘limi tomonidan ATB “Agrobank” Shirin shahar filiali boshqaruvchisining murojaati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, “Mebel” MChJ (nomi o’zgartirilgan) rahbari T.S va boshqalar o‘zaro til biriktirib, ATB “Agrobank” Shirin shahar filiali va “Mebel” MChJ (nomi o’zgartirilgan) o‘rtasida 2020-yil 12-may kuni mebel ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 36 oy muddatga 28 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 250 000 000 so‘m kredit mablag‘i ajratish haqidagi XXX-sonli hamda o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan boshqa bir MChJ bilan ATB “Agrobank” Shirin shahar filiali o‘rtasida 2021-yil 6- fevral kuni mebel ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun zaruriy asbob-uskuna sotib olish maqsadida 36 oy muddatga 14 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 200 000 000 so‘m kredit mablag‘i ajratish haqidagi XXX-sonli shartnoma tuzib, ushbu shartnomalarga asosan jami 450 000 000 so‘m kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, shartnomalarda ko‘rsatilgan faoliyat bilan shug‘ullanmasdan, ajratilgan kredit mablag‘larini maqsadsiz sarflab yuborib, bugungi kunda bankka kredit mablag‘larini qaytarmasdan, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan. S.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 27-may kuni Shirin shahrida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Sharof O’rolov hamda shahar sektor rahbarlari, tegishli tashkilot rahbarlari, fuqarolar hamda mahalla faollari ishtirokida yuqorida keltirib o’tilgan jinoyatlar yuzasidan muhokama bo’lib o’tdi. Unda viloyat IIB boshlig’i o’rinbosari hamda shahar hokimi tomonidan bugungi kunda huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik holatlari o’tgan yilga nisbatan biroz oshganligi qattiq tanqid qilindi va kelgusida jinoyatchilikni keskin kamaytirish va uni oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish, shuningdek, bu borada barcha tashkilotlar, fuqarolar, jamiyatning barcha faol qatlamlari birdek mas’ul ekanliklari ta’kidlandi va fuqarolarni firibgarlik qurboniga aylanmaslik uchun ogohlikka chaqirildi.

Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan