Saytimizga hush kelibsiz !

Yo’lda bolalar qanday harakatlanishi kerak?

Hukumat qarori bilan yo’l harakati qoidalari yangi tahriri tasdiqlandi.

Ushbu qoidada yo’lda harakatlanayotgan piyodaga tarif berilgan bo’lib “piyoda — transport vositasidan tashqarida bo’lgan va yo’lda biror-bir yumush bilan band bo’lmagan shaxs. Nogironligi bo’lgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi bo’lgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli kon`kilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga o’xshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi”, – deb belgilangan.

Yo’lda piyoda bolalar tomonidan harakat qoidalari buzilsa kim javobgar bo’ladi?

Belgilangan qonunchilikga ko’ra, “Piyodalarning yo’l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo’ysunmasligi, ularning yo’lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o’tishi, piyodalar yo’lning qatnov qismida, shu jumladan piyodalar o’tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o’qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek e’tiborni chalg’itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo’ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo’l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo’ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko’rsatma beruvchi yo’l belgilari talablariga rioya etmasligi”—huquqbuzarlik hisoblanadi.

Ushbu huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Lekin bola voyaga yetmaganligi uchun belgilangan qonunchilikga ko’ra, “Ota-onalar yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi”

– bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo’lsa,

– bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyatini va huquqbuzarning shaxsini hisobga olgan holda mazkur shaxslarga nisbatan ishlar voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyalari ixtiyoriga berilishi mumkin.

Xulosa o’rni aytib o’tish lozimki, voyaga yetmagan shaxslarning sodir etgan huquqbuzarligi uchun ota-onalar mas`ul va ularga javobgarlik belgilab qo’yilgan. Shunday ekan har bir ota-ona (hammamiz) farzandiga (farzandimizga) yetarli darajada huquqiy bilim olishini ta’minlashimiz lozim.

Shirin shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i  

Sherali Alikulov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan