Saytimizga hush kelibsiz !

Ayrim toifadagi aholiga davlat tomonidan bir martalik moddiy yordam beriladi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim fuqarolarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

“Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–258-son, 25.05.2022 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so‘mdan;

Toshkent shahrida – 400 ming so‘mdan.

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga – 200 ming so‘mdan.

Bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi.

Uyida vaqtincha bo‘lmaganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra bir martalik moddiy yordam pullarini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar to‘lanmagan moddiy yordam pullarini 2022 yil 1 sentyabrgacha olish huquqiga ega.

Qarorga ko‘ra, “Temir daftar”ga kiritilgan hamda bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ushbu oilalarning har bir a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatiladi.

Manba: Huquqiy axborot kanali

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan