Saytimizga hush kelibsiz !

«Yoshlar daftari» haqida

“Yoshlar daftari” – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bo‘lib, “Yoshlar daftari”ga tuman (shaharlar)dagi har bir sektor kesimida mahallabay “Yoshlar daftari”ga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar – muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probasiya hisobida, profilaktik hisobda yoki ma’muriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning hamda «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi farzandlari;
– Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar – tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar; psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar – jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitasiyaga muhtoj yoshlar (suisid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);
– ishsiz yoshlar – haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno).
Yoshlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari quyidagi shakllarda o‘rganiladi:
– sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yig‘inlari xodimlari va faollari bilan birgalikda barcha yo‘nalishdagi muammolarni har yarim yilda kamida bir marotaba, bunda yarim yillik tugaganidan so‘ng keyingi oy davomida uyma-uy yurish orqali;
– Yoshlarning murojaatlarini (shu jumladan, yoshlardaftari.uz, 1093 qisqa raqami, @yoshlardaftari_bot telegram boti va elektron platforma) ko‘rib chiqish orqali. Yoshlarning murojaatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn ravishda sektor rahbarlari va kotiblariga real vaqt rejimida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
– Sektorlar rahbarlari uch kun muddat ichida: individual anketalar ko‘rib chiqilishini tashkil etadi, bunda ma’lumotlar vazirlik, idora va tashkilotlar, Markaziy bank va tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlarning ma’lumotlari bilan solishtiriladi hamda ushbu nizomning 4-bandida keltirilgan ijtimoiy himoyaga, iqtisodiy yoki psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, shuningdek, ishsiz yoshlar aniqlanadi; tahlil natijalari asosida «Yoshlar daftari»ga kiritiladigan yoshlarni elektron platformaga kiritilishini ta’minlaydi.
– Sektorlar rahbarlari bir hafta muddatda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan «yo‘l xaritasi» loyihasini ishlab chiqadi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi.
– Taqdim etilgan «yo‘l xaritasi» xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi, tasdiqlanadi hamda ijrosini ta’minlash uchun sektorlar rahbarlari, mas’ul davlat organlari va tashkilotlarga yuboriladi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga quyidagi yordamlar taqdim etiladi:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlarini qoplash;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilish uchun noturar joyning ijara xarajatlarini qoplash;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini-o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratish “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish bo‘yicha to‘lov-kontrakt summasining bir qismini to‘lab berish;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga turar joy ijarasi kompensatsiyasini to‘lash;
– “Yoshlar daftari’ga kiritilgan yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasini tashkil etish;
– “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badalini qoplash;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
– Yoshlarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish;
– “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qish xarajatlarini kompensasiya qilish;
– Xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlarini kompensatsiya qilish;
– Xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlashga sarflanadigan xarajatlarini kompensatsiya qilish;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish;
– Professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi yoshlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida ishlab chiqarish amaliyoti davri uchun subsidiya ajratish;
“Yoshlar daftari”dan chiqarish
Yoshlar quyidagi hollarda “Yoshlar daftari”dan chiqariladi:
– bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda; to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda; tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda; turar joy ijara kompensasiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda; malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
– to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
– aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
– o‘z arizasiga ko‘ra;
– “Yoshlar daftari”ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
– boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
– sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
– arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
– arizachi vafot etgan taqdirda.
Ish beruvchi tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovi hisoblanganda hamda ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining markazlashtirilgan axborot bazasida va Yagona milliy mehnat tizimida aks etgan taqdirda ish bilan bandligi ta’minlangan deb hisoblanadi va “Yoshlar daftari”dan chiqarish uchun asos bo‘ladi. Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmasdan “Yoshlar daftari”ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan yoshlarga daftardan chiqarilganligi bo‘yicha 3700 raqamidan SMS xabarnoma yuboriladi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish:
– mahalla darajasida – tuman (shahar) sektorlari rahbarlari, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari;
– tuman (shahar) darajasida – viloyat sektorlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Prezident Xalq qabulxonalari mudirlari, Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari;
– viloyat darajasida – Yoshlar ishlari agentligi, sektorlar (Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi), tegishli vazirlik va idoralar;
– respublika darajasida – O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi. Sektorlar shtablarining kotiblari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir yoshlarning aniqlangan muammolari bartaraf etilganligi haqidagi hisobotlar elektron platformaga kiritib boriladi. Yoshlar ishlari agentligi elektron platformaga ma’lumotlarning kiritilishi yuzasidan monitoring yuritadi.

Manba: Yoshlardaftari.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan