O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-aprelda “Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi
Farmonga ko‘ra:
- yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, BHMning 5 baravari miqdorida undiriladi (Ilgari BHMning 30 baravari miqdorida edi);
- O‘zbekistonga qisqa muddatga (bir oygacha) kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;
- O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;
- davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, tashrif buyuruvchilarni hisobga olish elektron amalga oshiriladi.
- Yuridik shaxslar tomonidan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvargacha uzaytirildi (ilgari 2024-yil 1-yanvargacha edi).
Farmonga ko‘ra, tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlari hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini 2025-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga olib kirishda QQSdan ozod qilinadi.
Shuningdek, farmonga muvofiq:
- nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot OTMning klinik bazalari tashkil etilib, ularda shifokor va hamshiralar malakasi oshiriladi hamda qayta tayyorlanadi;
- malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddati qisqartirilgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilandi (Ilgari birinchi malaka toifasi uchun 7 yil, oliy malaka toifasi uchun 10 yil edi).
Manba: Huquqiy axborot