Saytimizga hush kelibsiz !

Shirin shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig’i tadbirkorlarga murojaat yo’lladi

Hurmatli tadbirkorlar!

Joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, muloqot davomida soliq organlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandilar.

Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida joriy yilning 18-mart kuni Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati boshchiligida Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi Bolalar musiqa san’at maktabida Shirin shahar, Yangiyer shahar, Boyovut tumani va Xovos tumanlari tadbirkorlik subektlari uchun uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv ko’tarinki ruhda o’tkazilib, Shirin shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillarida ham ijobiy tasurotlar uyg’otdi. Ochiq muloqotlarda soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan zarur tushuntirishlar berish bilan birga tadbirkorlarning savollariga batafsil javoblar berildi.

Shaharda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va tezkorlik bilan hal etish maqsadida inspeksiya binosida navbatchilik tashkil etildi.

Ta’kidlash lozim, joylarda ba’zi tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda. Ayrim hollarda ular turli qiyinchiliklarga ham duch kelishmoqda.

Shundan kelib chiqib, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarga yangicha ishlashni o‘rgatish, ularni qiynayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish oldimizda turgan dolzarb vazifa.

Asosiy maqsad soliq to‘lovchilar zimmalaridagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishlari, nima uchun soliq to‘layotganliklarini to‘liq his qilishlari, bu jarayonlarda davlat soliq xizmati organlaridan rozi bo‘lishlariga erishishdan iborat.

Bizning maqsadimiz tadbirkorlik subyektlari oldidagi dolzarb muammolarni hal qilishda ularning haqiqiy ko‘makchisiga aylanishdir. Bu borada davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilgan holda, uning yo‘liga qat’iy to‘siq qo‘yish uchun tizimli ishlar amalga oshirilayapti. Shundan kelib chiqib, fuqarolarimizdan davlat soliq inspeksiyasi faoliyatiga oid korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, telegramdagi @dsq_anticorrupciya_bot yoki (67) 235-03-42 «Ishonch telefoni” orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz!

Yuborilgan xabarlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Xuddi shunday, davlat soliq xizmati organlari xodimlari tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘lib ularning qimmatli vaqtini olib sansolarlikka yo‘l qo‘ysa keskin choralar ko‘riladi.

Hurmatli tadbirkorlar! Biz “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida Sizga yaqindan yordam berishga doimo tayyormiz.

Xusniddin Qobilov,

Shirin shahar DSI boshlig‘i

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan