Saytimizga hush kelibsiz !

Qonun ogohlantiradi: Otalik ma’suliyatini unutmang!

Oramizda farzandsizlikdan azob chekayotgan odamlarni ko‘rib, ularga chin dildan achinamiz, bunday kishilarning qayg‘ularini aritishga harakat qilamiz.

Ammo, hayotda shunday shaxslar borki, ular uchun oila, farzand degan muqaddas tushunchalar ikkinchi darajali narsalarga aylanib ulgurgan, oilasidan ajrashib, yangi oila qurish ham odatiy holga aylangan. Bunday odamlarni ko‘rib yoqa ushlaysan kishi.

         O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari;

         – Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart, voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishi ko‘rsatilgan.

         Agarda qonunlarimiz bunday shaxslarga nisbatan majburiyat belgilab qo‘ymaganida jamiyatimiz och-nahor tirik yetimlarga to‘lib ketishi shubhasiz edi…

         Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudi tomonidan 2021-yil 17-may kuni K.B.ismli “ota”ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudining 2013-yil 2-sentabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, B.K.dan voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun 2013-yil 12-avgustdan boshlab, to u voyaga yetguniga qadar sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ¼ qismi miqdorida aliment to‘lab borishi lozim bo‘lsa-da, 2018-yil 1-oktabr kunidan 2020-yil 1-mart kuniga qadar qasddan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun Boyovut tuman ma’muriy sudining 2020-yil 17-martdagi qaroriga ko‘ra, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganiga qaramasdan, 2020-yil 1-mart kunidan 2021-yil 1-fevral kuniga qadar jami 7 056 197 so‘m aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.

O‘ylab ko‘ringchi, 2018-yil 1-oktabr kunidan 2021-yil 1-fevral kuniga qadar begunoh farzand nima yeb, nima ichdi, nima kiydi? Tengdoshlari kabi o‘yingohlarga borib, o‘yinchoqlar o‘ynagisi kelsa-yu, onasi moddiy ta’minoti yo‘qligi sababli uning bu tilagini amalga oshira olmasa, farzandga alam qilmaydim, o‘kinmaydimi?

Biroq, davlat organlari farzandni dunyoga keltirishga sababchi bo‘lib, keyin uni ta’minlamasdan yallo qilib yurgan bunday “ota” larni o‘z holiga tashlab qo‘ymadi.

Sud hukmiga ko‘ra, B.K.ga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, undan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni aliment qarzdorligi undirilishi belgilandi.

So‘zimizning yakunida barchaga oila muqaddas ekanligi, farzand tarbiyasiga, uning moddiy ta’minotiga ota-ona birdek ma’sul ekanligini yana bir bor eslatib qo‘yishni o‘z burchimiz deb bildik.

Qonunlarimiz esa, majburiyatni qasddan bajarmagan bunday qo‘shtirnoq ichidagi otalarga rahm qilmaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Shirin shahar sudining raisi

X.Sarmanov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan