Quturish – barcha issiq qonli hayvonlar va odamlarga xos, o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, markaziy nerv sistemaning og‘ir zararlanishi, falajlanishi bilan kechadi. Kasal hayvon tishlagan barcha odamlar kasallanavermaydi, chunki it tishlaganda so‘lagidagi virus kiyimlarda qolib, badanga o‘tmasligi yoki it tishlagan joydan ko‘p qon oqib, virus u bilan yuvilib ketishi mumkin.
Ushbu kasallikka chalingan hayvonlarda bezovtalik, suyuqlik yutishdagi qiyinchilik, to‘g‘ri kelgan odamni tishlash, egasini tanimaslik, yog‘ochlarni g‘ajish, og‘zidan so‘lak oqishi, ovqat yeya olmaslik kabi klinik belgilar kuzatiladi. Lekin shularga qaramasdan, kasallik belgilari paydo bo‘lmagan it va mushuk tishlagan odam hamda hayvonlarga kerakli muolajalar o‘tkazilishi shart. Bu odamga tan jarohati yetkazgan hayvonni 10 kunlik veterinar nazoratiga olinishi bilan boshlanadi. Odamlarga esa albatta zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak.
Quturish kasalligining oldini olish maqsadida barcha uy va qishloq xo‘jalik hayvonlarida mazkur kasalliklarga qarshi emlash (vaksinatsiya) ishlari rejali ravishda olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022-yil 13-yanvardagi № 02/16-13-sonli ko‘rsatma xati ijrosini ta’minlash maqsadida Shirin shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi 2022-yilning fevral, mart, aprel va may oylarida o‘y hayvonlarini quturish kasalligiga qarshi ko‘chma veterinariya punktlari tomonidan it va mushuklarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatga olish va profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Quturishga qarshi profilaktik tadbirlarga hayvon egalarining befarq bo‘lmasliklarini, o‘zlarining it, mushuk va boshqa hayvonlarini doimiy ravishda hududiy veterinariya mutaxassislari ko’rigidan o’tkazib turishlarini so‘raymiz.
Shirin shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi