O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yildagi PQ-5117-sonli qarori ijrosini ta’minlash shuningdek, xorijiy til o’qituvchilarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1-fevral kuni Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov umumiy o’rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o’qituvchilari bilan ochiq muloqot o’tkazdi.
Uchrashuv avvalida shahar hokimi bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy tilllar ayniqsa, ingliz tili fani o’qituvchilariga berilayotgan ko’plab imtiyozlar va imkoniyatlar xususida to’xtalib o’tdi.
“Bugun kelajak avlodni faqat va faqat ilm bilan yuksaltira olishimiz mumkin. Yoshlarimizga bilim berayotgan ustozlarimizning salohiyati esa yosh avlodni bilimli bo’lib yetishishida eng muhim omil hisoblanadi.
Hurmatli ingliz tili fani o’qituvchilari, barchangiz bilim olishdan o’quvchi yoshlarga eng zamonaviy bilimlarni o’rgatish yo’lida tinmay, tolmay olg’a intilishdan hech qachon charchamang. Men shahar hokimi sifatida sizlarning bilim va malakangizni oshirish uchun qanday shart-sharoit, yordam kerak bo’lsa tayyorman. Sizlardan iltimos ham talab o’z ustingizda ishlashdan to’xtamang.”- deya ta’kidlab o’tdi shahar hokimi Sarvar Sultonov.
Shuningdek, ochiq muloqot davomida o’qituvchilar o’z taklif va mulohazalari bilan shahar hokimiga yuzlanib, murojaatlarini bildirib o’tishdi.
Shirin shahrida ingliz tili fani o’qituvchilarini bilim va malakalarini yanada oshirish maqsadida Shirin energetika kollejida o’quv kursi tashkil etiladigan bo’ldi. Mazkur o’quv kursiga ayni vaqtda kollejda ingliz tili fanidan dars berayotgan malakali bir guruh o’qituvchilar jalb qilinadi. Ushbu o’quv kursi shahardagi umumta’lim maktabining ingliz tili fani o’qituvchilari uchun mutlaqo bepul bo’lib, dars berish xarajatlari homiylik mablag’lari hisobidan qoplanishi shahar hokimi tomonidan ma’lum qilindi.
Shirin energetika kollejida xalq ta’limi bo’limiga qarashli umumta’lim maktablarining ingliz tili fani o’qituvchilari bilan bo’lib o’tgan ochiq muloqot yakunida shahar hokimi ingliz tili fani o’qituvchilari o’z bilimlarini oshirib milliy va xalqaro sertifikatlarni qo’lga kiritshlarida har jihatdan yordam berishga tayyor ekanligini alohida ta’kidladi.
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati