Xalqimizda “Biror yurtni yaxshiroq bilmoqchi bo‘lsang, uning bozorini va mozorini ziyorat qil”, degan naql bor. Darhaqiqat, bozorlar yurtning nechog‘li farovon yoki abgor ekanini ko‘rsatsa, qabristonlar bu o‘lka ahlining ma’naviy dunyosi, ajdodlar merosiga munosabati va iymon-e’tiqodi darajasini ifoda etadi.
Ayni paytda xalqimiz o‘tib ketgan yaqinlarining qabrlarini ozoda va pokiza saqlash, yon-atrofini obod qilishga ham alohida e’tibor beradi. Qabristonlarimizga kirgan kishi yashnab turgan maysalarning salovat aytayotganini o‘z quloqlari bilan eshitgandek, jilg‘alarda sharqirab oqayotgan suvning zarrin tovlanishidan, uzoq-yaqindan elas-elas kelayotgan tilovatdan ko‘nglida allanechuk his-tuyg‘ular jo‘sh uradi. Zero, qabr insonning oxirgi manzili bo‘lib, tiriklarga hayot ne’matlari uchun shukr qilib yashash, ularni qadrlash, oxiratni yod etish zaruratini mudom eslatib turadi. Shu ma’noda, keksalarimiz va ulamolarning qabrlarni obod va ko‘rkam saqlash haqidagi da’vatlari hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Bu o‘gitlar ayniqsa bugungi kunda hayotimizda yanada keng alfozda o‘zining amaliy in’ikosini topmoqda.
Qabristonlarni obod qilishdek hayrli ishlar bugungi kunda Shirin shahrida ham bardavom bo’lmoqda. Ayni kunlarda Farhod mahallarisa joylashgan “Birodarlik” qabristonida obodonlashtirish ishlari keng ko’lamda davom etmoqda.