Saytimizga hush kelibsiz !

Shirin shahrida “Yoshlar daftari”dagi yana ikki nafar yoshning bandligi ta’minlandi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ning tashkil qilinishi bugungi kunda kam ta’minlangan, ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan hamda hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan barcha aholi qatlamini qamrab olmoqda. Buning natijasida qonunosti hujjatlar asosida yuqorida keltirilgan uchala daftarga kiritilgan fuqarolarning barchasiga ma’lum yo‘nalish bo‘yicha davlatimiz tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda. Bu esa albatta, aholining hayoti farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.

Joriy yilning 2-avgust kuni Shirin shahrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yana ikki nafar yoshlarga subsidiya ajratilib, ularning bandligi ta’minlanishiga erishildi.

Shirin shahar Do‘stlik mahallasida yashovchi Muzaffar Madiyev “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, u AKT sohasiga qiziqib keladi, shu kunga qadar animatsion grafikalar bilan ishlash ko‘nikmasini mustaqil o‘zlashitirib kelgan. Biroq uning shaxsiy kompyuteri yo‘qligi sababli o‘z bilim malakasini oshirishga qiynalar edi. Shirin shahar hokimligi hamda yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan Muzaffarga yangi, zamonaviy kompyuter jamlanmasi topshirildi.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi Zuhraxon Xudoyqulova ham “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turadi. Zuhraxon tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rgangan. Biroq uning shaxsiy tikuv mashinkasi bo‘lmaganligi sababli o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun moddiy jihatdan biroz qiynalayotgan edi. Unga ham jamg‘arma hisobidan tikuv mashinka jamlanmasi berildi. Endilikda Zuhraxon ham tikuvchilik faoliyati bilan kengroq shug‘ullanib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Davlatimiz tomonidan berilgan bunday g‘amxo‘rlik natijasi o‘laroq, bu ikki nafar yoshlar endilikda o‘z faoliyatlarini kengaytirib, aholiga xizmat ko‘rsatishlari mumkin.

Shirin shahrida yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan barcha choralar qo‘llanilib kelinmoqda.


Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan