2025-yil 18-aprel kuni Shirin shahar Yoshlar markazida farzand tarbiyasi, jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi “Otalar yig‘ilishi” o‘tkazildi.
Tadbirda shahar hokimi Niyoz Xazratkulov, shahar prokurori, IIB boshlig‘i, “Nurli yo‘l” jome masjidi imom-xatibi, nuroniylar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
➖ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarorining mazmun-mohiyati
➖ Jinoyatchilik, giyohvandlik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar
➖ O‘quvchilarning maktab ichki-tartib qoidalariga rioya qilishi, mobil telefonlardan foydalanish tartibi
➖ Farzand tarbiyasida otaning o‘rni
➖ Yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va ularni ko‘proq kitob o‘qishga undash
📌 Shahar hokimi Niyoz Xazratkulov yig‘ilish davomida ota-onalarning farzand tarbiyasidagi faolligini oshirish zarurligini ta’kidlab, farzandlari bilan bevosita shug‘ullanish, dars tayyorlashda ko‘maklashish, kundaliklarini muntazam tekshirib borish kabi tavsiyalar berdi. Shuningdek, Shirin shahridagi maktablarda Face ID qurilmalarini joriy etish orqali o‘quvchilarning davomatini raqamlashtirish va bu orqali ta’lim muassasalarida nazoratni kuchaytirish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan shahar prokurori va IIB boshlig‘i tomonidan shahrimizda sodir bo‘layotgan jinoyatlar, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi salbiy holatlar tahlil qilinib, ularning oldini olish choralari muhokama qilindi. Masjid imom-xatibi esa dinimizda ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati, ma’naviy tarbiya, odob-axloq va halol mehnatga urg‘u berib o‘tdi. Shuningdek, nuroniylar o‘z hayotiy tajribalari asosida ota-onalarga amaliy maslahatlar berib, farzandlar bilan muntazam aloqada bo‘lish, ularni ko‘proq kitob o‘qishga undash lozimligini ta’kidladilar.
Yig‘ilish farzand tarbiyasida ota-onalar, ayniqsa otalarning mas’uliyatini oshirish, yoshlarni sog‘lom muhitda voyaga yetkazish, ularni ko‘proq kitob o‘qishga rag‘batlantirish va oila–jamiyat hamkorligini mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.









