“Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” – Shirin shahrida bayram tantanalari o‘tkazildi
Bugun Shirin shahrida Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlandi. Erta tongdan Yangi kunga peshvoz chiqqanlar shahar istirohat bog‘ini to‘ldirdilar. Barchaning kayfiyatida bahoriy ko‘tarinkilik. Umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, mahallalar milliy qadriyat hamda taomlar, tadbirkorlar va hunarmandlar esa o‘z mehnat mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etishdi. Polvonlar hamda sportchilarning chiqishlari, yosh rassomlarning ijodiy ishlari va hunarmandlarning buyumlari hamda o‘yin-kulgular, laparlar, aytishuvlar barchani birdek quvontirdi.
Tadbirning badiiy qismida shahar hokimi Niyoz Xazratkulov so‘zga chiqib yangilanish va yasharish bayrami – Navro‘z ayyomi bilan barchani muborakbod etdi. Shuningdek, bayram munosabati bilan tashkil etilgan tanlov va ko‘rgazmalar g‘oliblarini hamda tomorqasidan samarali foydalanib, barchaga o‘rnak bo‘layotgan fuqarolarni taqdirladi.
Shundan so‘ng Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” deb nomlangan katta bayram konsert dasturi namoyish etildi.
Bayram sahnasida namoyish etilgan badiiy dasturlar, jajji kichkintoylar, sanʼatkorlarning dilrabo taronalari va sahnalashtirilgan chiqishlari barchada unutilmas taassurotlar qoldirib, chinakam bayramona kayfiyat ulashdi.
✨ Navro‘z muborak! ✨


















