2025-yil 5-mart kuni Shirin energetika texnikumi talabalari o‘rtasida huquqiy profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir «Biz yoshlar diniy ekstremizmga qarshimiz» hamda «Internet maydonidagi ma’naviy tahdidlar, kiberjinoyatchilik va ularga qarshi kurashishning usullari» mavzulariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida xalqaro terrorizm va ekstremizmning kelib chiqishi, ularning jamiyatga ta’siri hamda diniy mutaassiblikning salbiy oqibatlari haqida keng qamrovli ma’lumotlar berildi. Shuningdek, diniy ekstremlarga qarshi kurashishda yoshlarga ta’lim va ma’rifatning ahamiyati, vatanparvarlik hissini yuksaltirish, bilim olish va ilm-fan rivoji orqali sog‘lom dunyoqarash shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda internet maydoni yoshlar hayotida katta o‘rin tutmoqda. Shu sababli tadbirda internet orqali tarqatilayotgan ma’naviy tahdidlar, yolg‘on axborotlar va kiberjinoyatchilikning xavfi haqida tushunchalar berildi. Yoshlar internetdan foydalanishda hushyor va ogoh bo‘lishi, turli zararli g‘oyalarga aldanib qolmaslik uchun axborot xavfsizligi qoidalariga rioya qilish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Shirin shahar Ichki ishlar bo‘limining terrorizmga qarshi kurash guruhi katta tezkor vakili F.I. Isoqulov hamda Shirin shahar «Nurli yo‘l» jome masjidi imom-xatibi F. Begmanov ishtirok etib, yoshlarning savollariga javob va ularga muhim tavsiyalar berdilar.
Uchrashuv yuqori saviyada tashkil etilib, yoshlar orasida huquqiy ong va ma’naviy immunitetni oshirishga xizmat qildi.