Shirin shahar hokimining tashabbusi bilan 21-oktabr O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida maktab o‘quvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Ushbu tadbirning maqsadi o‘quvchilarda ona tiliga bo‘lgan hurmat va eʼtiborni oshirish, shuningdek, ularning ijodiy qobiliyatlarini namoyish etishdir.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich — maktab bosqichi, 5-10-oktabr kunlari shahrimiz maktablarida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi bosqich — shahar bosqichi esa 11-15-oktabr kunlari Yoshlar markazida o‘tkaziladi.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
Eng yaxshi sheʼrlar yozgan o‘quvchi: O‘quvchilar ona tilimiz, uning go‘zalligi va ahamiyati haqida o‘z sheʼrlarini yozishadi.
Eng ifodali sheʼr aytgan o‘quvchi: Bu nominatsiyada o‘quvchilar ona tilimiz to‘g‘risidagi sheʼrlarni o‘qib, ifodali va taʼsirli tarzda namoyish etishadi.
Eng yaxshi videorolik tayyorlagan o‘quvchi: O‘quvchilar ona tilining ahamiyatini ochib beruvchi qisqa videolar tayyorlashlari kerak.
Eng yaxshi qo‘shiq kuylagan o‘quvchi: O‘quvchilar o‘zbek tilini madh etuvchi qo‘shiqlarni kuylab, o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga shahar hokimligining diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etiladi.
Shirin shahridagi o‘quvchilarni bu tanlovda faol ishtirok etishga va ona tilini ulug‘lashga chaqiramiz!
Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!