Saytimizga hush kelibsiz !

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan shahar hokimi Xazratkulov Niyoz Namazbayevichning bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Shu kunlarda xalqimiz, davlatimiz va jamiyatimiz hayotida alohida o‘rin olgan, mustaqil, suveren va demokratik O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy Qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Ana shu qutlug‘ ayyom bilan Siz azizlarni, samimiy tabriklayman!

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi ijtimoiy hayotning barcha sohasida bosqichma-bosqich va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda huquqiy kafolati bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatimizda Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida hamda tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha hamda tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ong-u tafakkuri tobora o‘sib borayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, har qanday jamiyatda Konstitutsiya ijtimoiy taraqqiyot sur’atlariga ta’sir ko‘rsatadigan muhim manba, taraqqiyot mo‘ljallarini belgilash imkonini beradigan huquqiy hujjat hisoblanadi.

Keyingi yillarda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning bosh qoidasiga aylantirildi. Hozirda ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar tizimli ravishda olib borilishi uchun eng avvalo “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini konstitutsion norma sifatida mustahkamlanmoqda.

Shu ma’noda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.

Xabaringiz bor, Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida amalga oshirish, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishi uchun fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.

Aholimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan komissiya tuzilib, faoliyat yuritdi va qisqa davrda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimiz markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam. Darhaqiqat, inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanadi.

Muhtaram Prezidentimiz tabiri bilan aytganda “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart».

Aziz hamshaharlar!

Barchamiz bir narsani tushunib olishimiz kerak: yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq.

Ko‘zlagan marralarimiz qanchalik yuksak va mashaqqatli bo‘lmasin, ularga yetish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud.

Ajdodlarimiz merosi, xalqimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda tadbirkorlik fazilati bizga bu yo‘lda beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning ilmga, hunarga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kelgusida ham islohotlarimiz markazida bo‘ladi.

Chunki:

Bilimli avlod – buyuk kelajakning,
tadbirkor xalq – farovon hayotning,
do‘stona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!

Qadrli do‘stlar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lsin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Shirin shahar hokimi
Xazratkulov Niyoz Namazbayevich

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan