Saytimizga hush kelibsiz !

Press-tur: Shirin shahri va Boyovut tumani chegarasida barpo etilayotgan issiqlik elektr stansiyasining dastlabki 500 MVt quvvati joriy yilning 10-oktyabriga qadar ishga tushiriladi.

Shirin shahri va Boyovut tumani chegarasida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan, quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist hamda blogerlar uchun press-tur tashkil qilindi.

Dastlab press-tur ishtirokchilariga korxonaning masʼul xodimlari tomonidan texnika xavfsizlik qoidalari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tilib, so‘ngra korxona hududida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari hamda o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirildi.

Mazkur elektr stansiyasining dastlabki 500 MVt quvvati oktyabr oyining birinchi dekadasida ishga tushiriladi. Joriy yakuniga qadar esa yana 500 MVt quvvat foydalanishga topshirilsa, 2024 yilning birinchi choragida IES to‘liq quvvatda ish boshlaydi.

Umumiy qiymati 1,1 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 12 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Unda eng zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Yana bir ahamiyatli jihati, stansiya qurilishi davomida 2000 tagacha, ishga tushgandan keyin esa 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustda imzolangan “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4799-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan