Saytimizga hush kelibsiz !

NURCHILAR SHAHRINING NURCHI AYOLI

Xalqimiz xonadonlariga nur ulashayotgan yirik bir korxonada insonlar hayotini farovon etish uchun mehnat qilayotgan energetik ayolman – deydi, qariyb 24 yildan buyon Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi korxonasining yoqilg‘i transport sexida mashinist lavozimida ishlab kelayotgan Sanobar Esonboyeva.

Hayot mashaqqat va tinimsiz izlanishlar, o‘z ustingda tinmay ishlashdan iborat. Men yoshlik davrimdan doim kitob o‘qishga, mehnat qilishga o‘rganganman. Hatto hovlimizdagi tomorqamizni yerini ag‘darish deysizmi, ekin ekish va sug‘orish ishlari deysizmi barchasini xuddi yigitlardek shijoat bilan qilar edim. Bir kuni dadam, “Sanobar qizim, buncha energiya qayoqdan keladi senga, charchab qolmagin” – dedilar. Men esa dadamning bu so‘zlaridan yanada kuch olib ishimni davom ettirardim.

Maktabni tugatgach, ko‘plab joylarda ishladim. Ammo uyimizdan uncha uzoqda bo‘lmagan energetiklar maskani bo‘lgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi korxonasi doim o‘zining mahobati va viqori bilan meni o‘ziga tortardi. 1999-yil korxonaning yoqilg‘i transport sexiga xo‘jalik bo‘limiga ishga kirdim. 2000-yil esa ushbu sexda motorist bo‘lib ishlay boshladim. 2005-yildan bugungi kunga qadar sexning mashinisti bo‘lib ishlab kelmoqdaman.

Asosiy ishim, ekologik buzilish holatlarining oldini olish va sanoat oqova suvlarini tozalashdir. Ishimni, kasbimni va jamoamni yaxshi ko‘raman. Ushbu sohada mening ham ustozlarim bor. Bular Saida Hudoyqulova, Tursunoy Ochilova. Ayni damda o‘zim ham ustozlar safidaman. Shogirdlarim Bobomurod Ismatullayev, Gulmira Sohibova, Hulkar O‘g‘lonovalarning “Ustoz” deb murojaat qilishganida beixtiyor qalbimga o‘zgacha g‘urur va iftixor tuyg‘usini tuyaman.

Men energetika sohasida qayirib chorak asr, yaʼni, 24 yildan buyon ishlab kelayapman. Vaqt qarab turmas ekan. Shuncha yillar qanday o‘tib ketganini tasavvur ham qilolmayman. Asli hamshira bo‘lishni va insonlarga qo‘limdan kelgancha yordam berishni orzu qilardim. Lekin bugungi kunda qaysidir maʼnoda orzuyimga yetgandekman go‘yo. Chunki xalqimiz xonadonlariga nur ulashayotgan yirik bir korxonada insonlar hayotini farovon etish uchun mehnat qilayotgan energetik ayolman, – deydi qahramonimiz Sanobar Esonboyeva.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan