“Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–214-son, 21.04.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan kasanachilikni fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat etiladi.
2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha:
- kasanachilarga daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda ko‘pi bilan 1 million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
- kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
- olis va chekka hududlardagi mahallalarda (jami 252 ta) kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 3 oydagi faoliyati uchun 1 oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kasanachilar soni kamida 10 nafar bo‘lgan tadbirkorlarga kredit summasining 75 foizi miqdorigacha kafillik beriladi.
2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoki “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da bo‘lgan va kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, biroq BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi tarkibida mavsumiy va kasanachilik ishlari portali ishga tushiriladi.