Saytimizga hush kelibsiz !

Yer uchastkalaridan samarali foydalinish yuzasidan targ’ibot tadbiri bo’lib o’tdi

Joriy yilning 28-mart kuni Shirin shahar hokimligining kichik majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-134-son va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son “Qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʼgʼrisidagi Oʼzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarorlarini ijrosi mazmun-mohiyatini huquqiy tushuntirish yuzasidan Sirdaryo viloyat Targʼibot guruhi aʼzolari tomonidan seminar tashkil etildi.

Seminarda shahar hokimi Sarvar Sultonov, hokimi yordamchilari, shahar adliya boʼlimi, Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari, shahar Аrxitektura va qurilish boʼlimi va boshqa sohaga oid tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda Respublikamizda yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishni ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan noqonuniy qurilishni amalga oshirish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotganligi bu borada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali yagona nazorat tizimini joriy etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishda mustahkam huquqiy asosdir.

Mazkur qaror, shuningdek yer munosabatlarini tartibga solishga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida tasdiqlangan reja-jadval asosida joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Dastlabki seminar Shirin shahar hokimligida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari J.Shamirzayev, B.Norbayev, Arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i K.Shodmonov, Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari T.Sultonovlar ma’ruza bilan ishtirok etishdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi, «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi, “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha so‘z bordi. Uchrashuv mobaynida «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish, yer uchastkasini xususiylashtirishda davlat xizmatlarini ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartiblari batafsil tushuntirildi.

Tadbir savol-javob va munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga soha xodimlari tomonidan javob berildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan