Saytimizga hush kelibsiz !

“Oqpadar”ning so‘nggi manzili (jinoyat tafsiloti)

Hikoyamiz qahramoni Ruslan Mansurov (ismi sharifi o‘zgartirilgan) yoshlik davrida qilib ko‘rmagan ishi qolmagan, osuda hayot uning uchun zerikarli bo‘lgan “uchar yigit”lardan. Ayni kuchga to‘lgan davrida qasddan og‘irlashtiruvchi holatlarda odam o‘ldirib, jazo muddatini o‘tab ham kelgan. Jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng ancha vaqt qonunni buzmasdan yurganiga oila a’zolari birmuncha xotirjam tortishgan edi. Lekin baribir o‘rgangan ko‘ngil o‘rtanar ekan…
Ruslan onasining vafotidan so‘ng yolg‘iz qolgan otasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun otasining Guliston tumanidagi xonadoniga ko‘chib keladi. Biroq, nima uchun bu xonadonga kelganligi tezda yodidan ko‘tarilib, o‘zining ko‘chadan topgan ma’shuqasi bilan otasining xonadonida aysh-ishratga berilib, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yadi. Bu esa tabiiyki, otaga yoqmaydi. Bir necha bor farzandini tartibga chaqirishi hech qanday natija bermaydi, ota-bola o‘rtasida tortishuv va janjallar soni ko‘payib boradi.
Voqealarning rivojining oxirgi nuqtasi 2021-yil 10-iyul kuni sodir bo‘ladi. O‘sha kuni Ruslan odatdagidek “turmush o‘rtog‘i” bilan spirtli ichimliklar iste’mol qilib, aysh-ishratda o‘tirganida birdaniga uy eshigi taqillab qoladi. Kim ekanligini bilish maqsadida eshik oldiga chiqqanida bir oz oldin televizorni tuzatish uchun qo‘shni usta yigitni chaqirib kelayotgan otasi ekanligini ko‘rib, unga “nima uchun eshikni qattiq taqillatasan” deb, otasini qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra “o‘rtacha og‘ir shikast” yetkazadi.
Ota olgan jarohatlari bilan shifoxonaga yotgach, uning jarohati bo‘yicha hududiy IIBga xabar qilinsa-da, biroq ota o‘z farzandi ustidan ariza berishga shoshilmaydi. Yaxshiyamki, otaning holidan mehribon qizlar xabar topishadi va IIBga “tuzalmas o‘g‘il”ning ustidan shikoyat berishadi.
Mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Ota baribir ota, hech qachon o‘z farzandiga yomonlik tilamaydi. Sudda ham imkon qadar o‘g‘liga yengillik berilishini so‘rab yolvordi. Lekin uydagi holatni “zo‘ravon”ning opasi ro‘y-rost aytib berdi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Ruslan otasiga kun bermasdan, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketib, doimo uyda janjal qilib, otasining noroziligiga sabab bo‘lganligi, otasiga ilgari ham qasddan yengil jarohat yetkazib, otaning da’vosi yo‘qligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinganligi aniqlandi.
Sud mazkur ish bo‘yicha Ruslan Mansurovga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinladi. Lekin birgina ushbu jazo bilan uni qayta tarbiyalash mumkinmi?
Masalaning ikkinchi tarafiga razm solsak, Ruslanning shunday bo‘lib shakllanishiga, uning jamiyat uchun zararli inson bo‘lib yetishishiga kim sababchi degan savolga, afsuski jabrlangan otaning ham, mahalla faollarining jo‘yali javobi yo‘q.
So‘nggi vaqtlarda, aka-uka, ota-bola va boshqa yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nizolar, bir-birlariga jarohat yetkazish bilan bog‘liq jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘payib borayotganligi achchiq haqiqat. Bu kabi salbiy holatlar bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi. Ushbu voqea farzand tarbiyalayotgan har bir ota-onani hushyor torttirishi kerak, chunki barchamizning tarbiyalayotgan farzandlarimiz komil inson bo‘lib yetishishini xohlaymiz.
Agarda yoshlikdagi tarbiya mukammal bo‘lmasa, vaqt o‘tganidan so‘ng uni tuzatish anchayin mushkuldir. Xulosa esa o‘zingizdan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Shirin shahar sudining raisi

X.Sarmanov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan