Saytimizga hush kelibsiz !

Aholi punktlari, xizmat ko’rsatish shoxobchalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida targ’ibot ishlari olib borilmoqda

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabr kuni qabul qilingan tegishli qaroriga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlanadigan obyektlar ro‘yxati tasdiqlangan. Shuningdek, qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan holatlarda jismoniy shaxslar hamda tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarga ham Milliy gvardiya tomonidan shartnoma asosida qo’riqlash xizmati ko’rsatilishi mumkin. Shu munosabat bilan, joriy yilning 17-mart kuni Shirin shahar Ichki ishlar bo’limi hamda Milliy gvardiya qo’riqlash bo’linmalari xodimlari tomonidan shahardagi mavjud tadbirkorlik subyektlariga qarashli obyektlarni markaziy avtomatlashtirilgan qo’riqlash tizimiga ulash bo’yicha targ’ibot ishlari olib borildi.

Bu nima degani?

Masalan, biror bir xizmat ko’rsatish shoxobchasi ushbu xavfsizlik tizimiga ulanmoqchi bo’lsa, Milliy gvardiya qo’riqlash bo’linmasi bilan shartnoma tuzadi va kelishuvga asosan, tadbirkorga tegishli obyektga qo’riqlash bo’linmasi tomonidan xavfsizlik kuzatuv kameralari hamda signalizatsiya moslamalari markaziy qo’riqlash xizmatiga integratsiyalangan holda ulanadi. Agar favqulodda o’g’rilik yoki boshqa bir nojo’ya harakatlar kuzatilganda signalizatsiya ishlab, bu haqida avtomatik ravishda qo’riqlash bo’linmasiga zudlik bilan xabar yuboriladi va qo’riqlash xodimlari qisqa vaqt ichida obyektga yetib keladi va obyekt nazoratga olinadi. Bu xavfsizlikni ta’minlashning profilaktik chorasi hisoblanadi. Shirin shahrida tadbirkorlik subyektlari qo’riqlash xizmati bilan shartnoma tuzish istagida bo’lsa, Shirin shahar IIB ga murojaat qilishlari mumkin.

Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan