Odam savdosi jinoyati, uning oqibatlari, mazkur jinoyatni sodir etilishiga olib kelayotgan omillar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda juda ham ko‘p so‘z yuritilmoqda va mazkur jinoyat haqida fuqarolar ozmi-ko‘pmi, muayyan tushunchaga ega.
Ming afsuski, olib borilayotgan salmoqli ishlarga qaramasdan hanuzgacha ushbu jinoyat tag-tugi bilan yo‘qolmagan. Zamonaviy qullikning ko‘rinishi bo‘lgan odam savdosi jinoyatining barham topmayotganligi asosiy sababi tahlil qilinganida, ushbu jinoyat juda “serdaromad” bo‘lib, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarning manfaatdorligi, aholining huquqiy madaniyati pastligi, hududlardagi iqtisodiy muammolar mavjudligi kabi omillarni ko‘rsatish mumkin.
Xususan, biror-bir mutaxassislikka ega bo‘lmagan shaxslarga, ayniqsa ayollarga chet davlatlardagi yashash va ishlash uchun qulay sharoitlarni o‘ziga xos “reklama” qilinishi, ularning borgan davlatlari va qonunchiligi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasliklari, erkinligi cheklanganligi va hokazo holatlar natijasida chet davlatlarga aldov yo‘li bilan olib borilgan ishga yaroqli erkaklar va voyaga yetmaganlar majburiy mehnatga, ayollar esa shaxvoniy maqsadlarga majburiy jalb qilinishiga, jinoiy guruh ishtirokchilari fosh etilmasdan va javobgarlikka tortilmasdan qolishiga sababchi bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumki, odam savdosi jinoyati transmilliy jinoyat bo‘lib, birgina O‘zbekiston muammosi emas. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etilishida davlatlar ekspluatatsiya qiluvchi, yetishtirib beruvchi va tranzit guruhlarga bo‘linib, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston yetishtirib beruvchilar turkumiga kiradi.
2020 yil avgustga qadar odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlar 2008 yil 17 apreldagi O‘zbekiston Respublikasining
O‘RQ-154-sonli Qonuni bilan bilan qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinar edi.
2020 yil 17 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonuni imzolanib, ushbu qonun bilan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi va rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kirishi belgilandi.
Qonun bilan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, odam savdosini o‘z vaqtida aniqlash va unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipini ta’minlash, odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ijtimoiy himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferentsiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish hamda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Jinoyat ishlar bo’yicha Shirin shahar sudi raisi
X.Sarmanov
Shuningdek, Qonun odam savdosiga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar huquq va vakolatlari aniq belgilab berildi.
Misol uchun, odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat, qarorlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan bajarilishi shart, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun esa tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan kollegial organ hisoblangan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy komissiya” tashkil etilib, Milliy komissiyaning asosiy vazifasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishdan iboratdir.
Shuningdek, Qonunda davlat xavfsizlik organlariga odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etish, odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshirish, xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlarning odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bilan aloqalarini aniqlash, xalqaro terrorchilik tashkilotlari va uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni hamda dastlabki tergovni o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va odam savdosidan jabrlanganlar tomonidan kesib o‘tishga urinishlarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish choralarini ko‘rish, odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish kabi vakolatlar berildi.
Bundan tashqari, Qonunning ahamiyatli tomoni odam savdosiga qarshi kurashuvchi organlar qatoriga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ham kiritilib, unga xorijda mehnat faoliyatni amalga oshirish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnat va kamsitishga, mehnat va boshqa huquqlari buzilishiga duchor etilgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘larsiz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishi, shuningdek ularga moddiy yordam ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi, shu jumladan xorijda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar tomonidan litsenziya talablari shartlariga rioya etilishini nazorat qilish kabi muhim vakolatlar berilganligi bevosita xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Qonundagi muhim tushunchalardan biri bu-shubhasiz odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish bo‘lib, ushbu jarayon jismoniy shaxslarga nisbatan amalga oshiriladigan, ularga nisbatan odam savdosi sifatida malakalanadigan hatti-harakatlar sodir etilganligi to‘g‘risidagi yoki sodir etish niyati haqidagi ma’lumotlarni olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi. Yakuniy identifikatsiya qilishda shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb tan olish yoki tan olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Shu bilan bir qatorda, Qonunda odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarning huquqlari, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ham o‘z aksini topgan.
Mazkur Qonunning amalga kiritilishi odam savdosi jinoyatini oldini olish bilan birgalikda, ushbu chegara yoki hudud tanlamas jinoyatdan shaxslarning jabrlanishini kamaytirish, mazkur jinoyat oqibatini yumshatish, aldanib o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yurgan vatandoshlarimizni aniqlash, ularning kelgusida kafolatlangan sharoitlarda mehnat faoliyati olib borishini ta’minlaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Shirin shahar sudining raisi X.Sarmanov