Shirin shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi, hududlarda yangi ekologik madaniyatni joriy qilish, mahallalar tozaligi va obodligini ta’minlash, gulzorlar va yashil hududlarni ko’paytirish yuzasidan shahar hokimi Sarvar Sultonov aholiga murojaat yo’lladi.
Murojaat matni
Assalomu alaykum!
2021-yilda Muhtaram yurtboshimiz tomonidan juda katta yashillik aksiyasiga urg’u berilib, butun O’zbekistonimizni yashil makonga aylantirish bo’yicha juda muhim loyihaga start berildi. Xususan, bizning Shirin shahrimizda ham kuz va bahor mavsumlarida iqlim sharoitiga mos bo’lgan, tez o’suvchi hamda atrofdagi ekologik muhitni yanada yaxshilash, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko’pgina yangi bog’lar, jamoat xiyobonlarini tashkil etishni oldimizga maqsad qilib olganmiz.
Kuz mavsumida Shirin shahrimizda reja bo’yicha 11 ming dona turli xil manzarali va mevali daraxt ko’chatlarini Janubiy Mirzacho’l kanali atrofi va aholi tomorqalariga ekish ishlari reja sifatida belgilangan bo’lsa, biz ushbu rejani ortig’i bilan bajarib, 13 mingga yaqin bo’lgan daraxt ko’chatlarini ekish ishlarini amalga oshirdik. Yaqinlashayotgan bahor mavsumida bizning oldimizda ushbu tashabbusni davom ettirish maqsadi turibdi. Biz Shirin shahrida bahor mavsumida 19 ming dona daraxt ko’chatlarini ekishni reja qilgan bo’lsak, biz ayni vaqtda rejadan ko’proq ya’ni 20 mingdan ziyod daraxt ko’chatlarini ekishni maqsad qilib oldik va shu asnoda ushbu ko’kalamzorlashtirish loyihalariga jiddiy yondoshgan holda aholi salomatligini yanada yaxshilash maqsadida bor kuch-g’ayratimiz bilan ishni tashkil qilmoqdamiz.
Shirin shahrida 5,2 gektar yer maydonida “Yangi O’zbekiston” bog’ini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, Do’stlik hamda Janubiy Mirzacho’l kanallari atrofida tez o’suvchi pavlovniya hamda tabiiy sharoitga mos mevali daraxt ko’chatlarini ekish ishlarini yana davom ettiramiz. Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joyda yashovchi oilalar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo’llab-quvvatlagan holda ularning tomorqalariga ham mevali va manzarali daraxt ko’chatlarini ekishni ko’zda tutganmiz, bunda daraxt ko’chatlari homiylik va boshqa manbalar hisobidan aholiga beriladi va hashar sifatida ko’chatlarni ekish bo’yicha turli xil aksiyalar tashkil etamiz.
Joriy yil mart oyida uchun belgilangan rejalarimizni sifatli va tezkor ado etib, ko’kalamzorlashtirish tadbirlarini jadal olib boramiz.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Shirin shahar hamda Boyovut tumanlariga tutash bo’lgan hududda yangi “bug’-gaz” issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Ushbu hudud atrofida yangi bog’larni yaratishni maqsad qilganmiz. Mazkur bog’ni barpo qiladigan bo’lsak, kelgusida chet ellik mehmonlar, xususan aholining kayfiyatiga ijobiy ta’sir etishi bilan bir qatorda ekologik muhitni barqarorlashtirish borasida muhim o’rin tutadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati