Bugungi kunda hech kimga sir emaski, AKT texnologiyalari butun dunyoda eng daromadli va aholi hayotida deyarli ajralmas qismga aylanib ulgurgan soha hisoblanadi. Negaki, hozirgi davrda kundalik hayot tarzimizda doim AKT ga murojaat qilamiz, duch kelamiz. Shunday ekan, bugun o’quvchi yoshlar uchun IT-texnologiyalar bo’yicha bilimga ega bo’lish bilan kelajak sari eng muhim poydevorlardan biri qo’yilgan bo’ladi.
Mamlakatimizda ham IT-texnologiyalarni rivojlantirish, elektron hukumatni joriy qilish borasida ulkan yangilanishlar olib borilmoqda. Birgina Respublikamizning deyarli barcha hududlarida “Raqamli texnologiyalar” o’quv markazlarining tashkil qilinishi kelajak egalarining hayotda muhim o’rin egallab olishlari uchun zamin yaratib kelmoqda.
Joriy yilning 14-sentyabr kuni Shirin energetika kollejining majlislar zalida shahar hokimi, IT-park Sirdaryo viloyat filiali direktori, bo’lim boshlig’i hamda umumiy o’rta ta’lim maktabi o’quvchi yoshlari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvdan ko’zlangan maqsad o’quvchi yoshlarni IT-texnologiyalariga qiziqtirish hamda “Bir million dasturchi” loyihasi rezidentlari sonini yanada kengaytirishdan iborat.
Uchrashuv davomida “Raqamli texnologiyalar” o’quv markazidagi mavjud o’quv kurslari, qulayliklar, ayniqsa Shirin shahrida joylashgan o’quv markazda yaratilgan barcha zarur sharoitlar o’quvchi yoshlarga tanishtirib o’tildi.
Shuningdek, IT-park rezidentligining strategik bosqichlari ham o’quvchilarga batafsil tushuntirildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoban kerakli tushuncha va ma’lumotlarga ega bo’lishdi.
Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyati bo’yicha tashkil qilingan barcha «Raqamli texnologiyalar» o’quv markazlarida shu kungacha 2777 nafar tinglovchilar jalb qilingan bo’lib, shunda 1559 nafari yoshlarni tashkil qiladi. Bugungi kunda o’quv kurslarini tamomlagan 1092 nafar tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirilgan.
Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati