Shahar hokimi Niyoz Xazratkulov mutasaddilar bilan birgalikda “Wang Da Rolling Steel” qo‘shma korxonasida bo‘lib, korxonaning eksport salohiyatini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish hamda jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ayni paytda korxonada 15 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar asosida yangi ishlab chiqarish yo‘nalishi tashkil etilmoqda. Sim (prud) mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ushbu liniyaning yillik quvvati 2 ming tonnani tashkil etadi.
2026-yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu loyiha doirasida 100 nafarga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Korxonada olib borilayotgan qurilish va ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirish davomida shahar hokimi, ishlarning o‘z vaqtida va sifatli yakunlanishini ta’minlash, yaratilayotgan ish o‘rinlariga shahar aholisi, xususan ishsiz fuqarolarni keng jalb etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yirik investitsiya loyihalari shahar sanoat salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.







