Tadbir avvalida shahrimizdagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskani hududida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ulug‘ mutafakkirga hurmat bajo keltirildi.
Shirin shahar Yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirning badiiy qismida shahar hokimi Niyoz Xazratkulov, korxona va tashkilot rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Unda shahar hokimi so’zga chiqib, Navoiy merosining ahamiyati va uning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rniga alohida to‘xtalib, «buyuk bobomizning “Xamsa” dostonidagi “Farhod va Shirin” asari muhabbat, fidoyilik va insoniy fazilatlarning timsoli sifatida asrlar davomida xalqimiz qalbidan chuqur joy egallab kelmoqda. Bugun biz aynan shu doston qahramonlari nomi bilan bog‘liq bo‘lgan Shirin shahrida yashayotganimizdan, shahrimiz yuragi bo‘lmish Farhod GES bunyod etilganidan faxrlanamiz» – dedi o‘z so‘zida.
Tadbirda shahar Madaniyat bo‘limi xodimlari hamda sanʼatga qiziquvchi yoshlar tomonidan buyuk adib ijodi namunalaridan parchalar, g‘azal va ruboiylar aytildi, ijodiy chiqishlar, ijro etilgan ashula va raqslar esa tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinkilik ulashdi.









