Farhod mahallasidagi quyoshli xonadonlarning birida bo‘lib o‘tgan seminarda shahar sektor rahbarlari, viloyat Bojxona boshqarmasi masʼullari, soha mutaxassislari hamda mahalla aholisi, shahrimizdagi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Seminarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ularni o‘rnatgan isteʼmolchilarga berilayotgan imtiyozlar, quyosh panellarini o‘rnatilishi natijasida energoresurslarni tejash bilan birga, nafaqat xarajatlarni kamaytirish balki daromad olish mumkinligi aniq misollar bilan tushuntirildi.
Uyimizga o‘rnatilgan quyosh panellari o‘tgan oyda 2900 kVt elektr energiyasi ishlab chiqardi shundan 170 kVt isteʼmol uchun ishlatildi. Qolgan elektr energiyasi tarmoqqa uzatilib, har kVt energiya uchun 1000 so‘mdan to‘lab berildi. Ushbu to‘lab berilgan pullar hisobidan olgan kreditimizni bemalol qoplab, foydaga ham kiryapmiz — deydi Xolnazarovlar oilasi aʼzosi.
Seminar davomida shahrimiz hududida quyosh panellarini o‘rnatib berish xizmati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor hamda bank masʼullari tomonidan ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berilgandan so‘ng ko‘pchilik ushbu panellarni o‘rnatish istagini bildirdi.
Yakunda mavzu doirasida o‘zaro fikrlar almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilardan javob oldilar. Shuningdek, seminar natijasi o‘laroq shu kunning o‘zida «Farhod» mahallasida istiqomat qiluvchi Ulug‘bek Berdiqulov xonadoniga 3 KVtli, Avazbek Xatamov esa10 KVtli quyosh panellarini o‘rnatishdi.
Shuni ta’kidlash kerakki, quyosh panellarini o‘rnatish nafaqat xalqimizning iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi, balki mamlakatimiz energotizimini barqarorligi hamda atrof-muhit muhofazasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.