Joriy yilning 27-iyul kuni Shirin shahar hokimligida shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi, shahar tibbiyot birlashmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi hamkorlikda erta tug‘ruq va bevaqt homiladorlik, erta turmushga uzatishning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mahallalardagi oqila ayollar, tug‘ruq yoshidagi ayollar ham bevosita ishitirok etgan mazkur yig‘ilishda aholi onalar va bolalar sog‘ligiga e’tibor berish, tug‘ruq yoshidagi ayollarni kerakli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, o‘z vaqtida sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, turli nuqsonli homilalarning oldini olish, shuningdek, nikohlanayotgan yoshlar uchun genetik tekshiruvni bepul o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Yig’ilish davomida, oilada ayol va homiladorga bo‘lgan munosabat noto‘g‘ri shakllantirilganligi, homilador ayolning oila a’zolari tomonidan o‘z vaqtida uni skriningdan o‘tkazish, asoratlarga jiddiy yondashilmayotganligi, natijada nuqsonli homiladorlik kech aniqlanayotganligi muhokama qilindi. Yakunda Shirin shahrida xotin-qizlar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish masalalari yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.