O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustda “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6277-son Farmoniga asosan, Bola tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya va ko‘makka muhtoj oilalar moddiy ta’minotini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni va avtomatlashgan shaffof elektron baholash mexanizmlarini joriy etish orqali nafaqalarni to‘lash tizimini bolalar salohiyatini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratish maqsadi 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab,
a) 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi (keyingi o‘rinlarda — bolalar nafaqasi) joriy etiladi.
Bunda, bolalar nafaqasini tayinlashda: inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi va to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi, uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo‘llaniladi.
b) yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining quyidagi miqdorlari belgilandi.
– bolalar nafaqasining har oylik miqdori 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun 250 000 so‘m, yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun 325 000 so‘m, oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha 150 000 so‘m, oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun 100 000 so‘mdan qilib belgilandi.
– kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 380 000 so‘m.
Bunda, 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni to‘lash muddatlari tugaguniga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari saqlab qolinadi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 4 avgustdagi PQ-4797-son qarori ijrosi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 martdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 122-son qarori ijrosini ta’minlash maksadida Moliya Vazirligi tomonidan Fuqarolardan bolalar nafaqasi va moddiy yordam masalasida kelib tushayotgan murojaatlarni kamaytirish, shuningdek bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilishda ma’lumot olish uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida @sr_mf_uzbot ishga tushirildi. Ushbu maxsus telegram botda, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi haqida ma’lumot, bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun berilgan arizalarning holati to‘g‘risida, bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilish tartibi, bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash rad qilinish sabablari, qisqa savol javoblar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari kabi malumotlar olish imkoniyati belgilandi.
Shirin shahar Pensiya jamg‘armasi