Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir sanada O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish – aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Natijalar hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish 2025-2026 yillarga mo‘ljallanyapti. Bu haqda 2024 yil 4 mart kuni Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Yo‘l xaritasida 2024 yil davomida agentlik aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini davom ettirishi belgilab berildi.
Jumladan:
- aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash;
- 2021 yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish;
- xalqaro tajriba va ekspertlar tavsiyalari asosida «Aholini ro‘yxatga olish» axborot tizimini takomillashtirish;
- «STATA» amaliy dasturiy paketi lisenziyasini xarid qilish va unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish;
- aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqish vazifalarini amalga oshirish belgilangan.
Aholini ro‘yxatga olish esa 2025−2026 yillarda o‘tkazilishi, natijalar 2026−2027 yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi belgilangan.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi xodimlari tomonidan aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan,
2024 yilning yanvar-mart oylarida rasmiy veb-saytlarda aholini ro‘yxatga olishga oid maqolalar va tezislar joylashtirildi, viloyat hududida joylashgan oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida hamda kasb-hunar maktablarida aholini ro‘yxatga olishga oid masalalariga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazildi.
Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni xalqaro talablarga mos ravishda va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash hamda aholi aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini to‘g‘ri tuzilishi aholi punktlari xaritalarining aniqligiga va hududlarda aholi yashaydigan turar joylarning raqamlanganligiga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda, bugungi kunda viloyatimiz hududida mahalla va kadastr organlari bilan hamkorlikda,
2011 yil 12 oktyabrdagi O‘RQ-303-sonli “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda, ko‘chalarga berilgan nom belgilari hamda xonadonlarga berilgan raqam belgilarining o‘rnatilganligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni joylarga chiqqan holda monitoringi statistika organlari xodimlari tomonidan doimiy yuritib borilmoqda.
Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil
Etish va o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi
Gʻ.Sanginov