Saytimizga hush kelibsiz !

Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi raisi Shirin shahriga tashrif buyurdi

Joriy yilning 20-fevral kuni Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi raisi Muhammad Abu Nayyam boshchiligidagi, kompaniyaning 2-vitse prezidenti Antoni Brinxyuzen, investitsiya bo’yicha direktor Rajit Nanda, biznesni rivojantirish katta menejeri Tarik Taibah hamda “ACWA POWER SIRDARYA” kompaniyasi direktori Alimardon Abdukarimovlardan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyati Shirin shahrida joylashgan Shirin energetika kollejiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko’zlangan maqsad Shirin energetika kollejining bugungi qiyofasini ko’zdan kechirish hamda kollejda joriy qilingan ta’lim sifati bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Delegatsiyaning Shirin energetika kollejiga tashrifi davomida kollejning konferensiyalar zalida delegatsiya a’zolari, Shahar sector rahbarlari, kollejning bir guruh pedagog xodimlari ishtirokida anjuman tashkil qilindi. Tadbir avvalida Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov so’zga chiqib, Shirin energetika kollejida “ACWA POWER” kompaniyasi homiyligida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari, kollejda o’quvchilarning ta’lim olishlari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar uchun kompaniya bosh direktori hamda mutasaddilarga o’z minnatdorchiligini bildirdi.
Shu bilan birgalikda tadbir davomida Shirin energetika kollejida joriy qilingan ta’lim tizimi holati hamda o’qitish metodikasi xususida “NOMAC” kompaniyasining O’zbekistondagi loyiha menejeri Hossem Ahmad hamda kollej direktori va o’qituvchilari tomonidan anjuman ishtirokchilariga batafsil tushuntirib o’tildi.

Anjuman yakunida Saudiya Arabastonining “ACWA POWER” kompaniyasi raisi Muhammad Abu Nayyan so’zga chiqib, kollejda yo’lga qo’yilgan ta’lim tizimini ijobiy baholadi. Shuningdek, Abu Nayyan o’quv yili davomida o’z bilimi va faolligi jihatidan boshqa o’quvchilarga namuna bo’layotgan o’quvchi, shuningdek, har taraflama tashabbuskor va fidoyi o’qituvchini kollej ma’muriyati tanlov asosida aniqlab berishini so’rab, ularning har biri uchun Saudiya Arabistonining “Umra” safariga kompaniya homiyligi asoasida ikki kishilik bepul yo’llanma taqdim etishini aytib o’tdi.

Tadbirdan so’ng mazkur delegatsiya Shirin shahar hamda Boyovut tumanlariga tutash bo’lgan hududda qurilayotgan yangi “bug’-gaz” issiqlik elektr stansiyasi qurilish jarayonini ko’zdan kechirish maqsadida obyekt hududiga tashrif buyurdi va delegatsiyaning Shirin shahriga bo’lgan tashrifi o’z nihoyasiga yetdi.

Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan