Bugun shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi 145-sonli hamda 2024-yil 10-dekabrdagi 833-sonli qarorlariga asosan «Ayollar daftari»ning 6-bosqichini shakllantirish, xatlov jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha Shirin shahar shtabi hamda mahalla ishchi guruhlarini tasdiqlash va faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Mahalla yettiligi aʼzolari hamda tegishli hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan ushbu yig‘ilishda yanvar oyi davomida xonadonbay xotin-qizlar muammolarini o‘rganish ishlarini olib borish, joriy yilning 31-yanvar kuniga qadar xatlov jarayonlarini to‘liq yakunlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Maʼlumot uchun, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar uchun:
bandligini taʼminlash;
zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;
2) tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:
tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
3) boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:
bir martalik moddiy yordam berish;
zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi taʼmirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini taʼmirlash;
4) ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:
bir martalik moddiy yordam berish;
zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi (uy-joyi taʼmirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan) xotin-qizlarning uy-joyini taʼmirlash;
tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatish;
5) uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:
ijara kompensatsiyasini to‘lash, ijtimoiy uylarga joylashtirish, uy-joy bilan taʼminlash;
zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam berish;
6) qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar uchun:
bir martalik moddiy yordam berish;
zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish.