Site icon Shirin shahar hokimligi

Sirdaryo IES korxonasida press-tur o‘tkazildi

Bugun, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarining borishi yuzasidan OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida press-tur bo‘lib o‘tdi. 
 
Press-tur “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida eng yirik elektr stansiyalardan biri hisoblangan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida bo‘lib o‘tdi.
 
Dastavval, ishtirokchilarga elektr stansiyasi mas’ullari ayni issiq ob-havoda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlari haqida atroflicha tushuntirish berib o‘tdilar.
 
Shuningdek, jurnalistlar ishlab chiqarish jarayonlarining mashaqqatini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Ayni kunlarda stansiyaning 9-sonli energoblokida amalga oshirilayotgan joriy ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot olishdi.
 
Keyingi manzil korxonada bunyod etilgan quyosh fotoelektr stansiyasi bo‘ldi. Prezidentimizning “Iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qurilgan, quvvati 1,8 MVt teng bo‘lgan quyosh stansiyasi bugungi kunda samarali ishlab kelmoqda.
 
Ishtirokchilarga “yashil” stansiya haqida mutaxassislar tomonidan kerakli ma’lumotlar berib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo IES Markaziy Osiyoda quvvati jihatidan eng yirigi bo‘lib, jami 10 ta energoblokning umumiy o‘rnatilgan quvvati 3 330 MVt ni tashkil etadi. Stansiya tomonidan 2024-yilning besh oyi davomida 668,5 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, yagona energotizimga uzatildi.

Exit mobile version