Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida yoshlar bandligini taʼminlashga alohida e’tibor berilib, eng dolzarb masalalardan biri deb qaralmoqda. Shu qatorda Shirin shahar yoshlariga ham yondosh Boyovut tumanidagi bo‘sh yer maydonlari to‘qsonbosti ekinlari ekish uchun ajratib berildi.
Joriy yil 4-dekabr kuni dala maydonida to‘qsonbosti ekinlari ekishni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan koʻrgazmali amaliy seminar oʻtkazildi. Unda yoshlarga malakali mutaxassislar ekinlarni parvarishlash hamda kasalliklardan himoya qilish, barqaror rivojlanishi uchun kerakli ozuqalarni yetkazib berish yuzasidan ko‘rsatma va ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, shahar sektor rahbarlari tomonidan yoshlarga yerdan foydalanish sertifikatlari topshirilib, yaxshi niyatda dastlabki urugʻlar sochib berildi.
Maʼlumot oʻrnida, ushbu yerlar yoshlarga hech qanday toʻlovlarsiz ajratilib, ekin ekishga tayyorlash hamda toʻqsonbosti ekinlar urug‘lari uchun mablagʻlar shahar Yoshlar ishlari bo‘limi tomonidan qoplab beriladi.