Bugun yurtimizda ulug‘ bayram, katta tantana. Ko‘pmillatli mamlakatimiz xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz ikki yillik to‘yini zo‘r shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
Shahrimizning jonkuyar, fidoyi, mehnatsevar, mehribon xalqini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Azizlar!
Bundan o‘ttiz ikki yil muqaddam jahon xaritasida “O‘zbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi.
Bu yil yurtimizda Vatanimiz Mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan shior asosida nishonlanmoqda.
Istiqlolning o‘tgan yillari davomida erishilgan yutuqlar va qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etadigan bo‘lsak, viloyatimizning barcha hududlari singari shahrimizda ham mislsiz o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning tamomila yangicha qiyofa kasb etayotgan Shirin shahrida ham bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Jumladan, shahrimiz yoshlari uchun juda ham go‘zal, ko‘rkam hamma sharoitlarga ega zamonaviy “Yoshlar markazi” binasi qurib foydalanishga topshirildi, shahrimizning “Do‘stlik” mahallasi aholisiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy talablarga javob beradilar yangi mahalla binosi qurib berilib, foydalanishga topshirildi, iqtidorli o‘quvchilarimizni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida shahrimizda yangi Ixtisoslashtirilgan maktab qad rostladi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz.
Fursatdan foydalanib, siz qadrdonlarimni, moʻtabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni, shahrimiz ahlini, butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!