Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq korxona, tashkilotlarda oliy maʼlumotli xotin-qizlar ulushini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi” toʻgʻrisida qarori imzolandi.
2022-2023 oʻquv yili uchun talabgorlardan hujjatlarni qabul qilish muddatlari istisno tariqasida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanishini inobatga olib, joriy yil oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari boshlangan kundan 10 kun mobaynida Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, kollej va texnikumlarni bitirgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar tuman (shahar) boʻlimi ishchi guruhlariga ariza toʻldirib hujjat topshiradilar.
Arizaga quyidagi hujjat ilova etiladi:
- Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.
- Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan koʻchirma.
- Maʼlumotnoma-obʼektivka.
- Oʻrta-maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha diplom. Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
- oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
Tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar haqidagi maʼlumotlar ularning ish faoliyatiga mos boʻlgan yoʻnalishlarini koʻrsatgan holda Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritiladi;
Tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi;
kirish imtihonlari yakunlariga koʻra toʻplangan ball boʻyicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam boʻlmagan ballni toʻplagan tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan kvotalar asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida tanlovga koʻra toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy taʼlim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Shirin shahar Oila va xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash bo’limi